Iqtisodiyot | 19:18 / 28.08.2015
10476
2 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg: neft narxi 22,5 dollarga yetsa, Rossiya iqtisodiyoti qulaydi

Bloomberg agentligi iqtisodchilar o‘rtasida olib borilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, neft narxi bir barreli (159,988 litr) uchun 22,5 dollarga yetsa, Rossiya iqtisodiyoti qulaydi. Prezident Vladimir Putinning obro‘si esa narx 30 dollarga yetishi bilan tushishni boshlaydi.

Mutaxassislar fikricha, rossiyaliklar dunyodagi iqtisodiy muammolarga eng chidamli xalqlardan hisoblanadi. Shu bois Putinning obro‘si iqtisodiy muvaffaqiyatlarga bog‘liq emas. Buni Qrimning qo‘shib olinishidan so‘ng uning obro‘si oshib ketganidan ham bilish mumkin. Biroq iqtisodiy omillar ertami-kech Kremlga bo‘lgan bag‘rikenglikka ta'sir ko‘rsatadi.

Tahlilchilar, shuningdek, neft bahosi 40 dollardan tushgan taqdirda Rossiya Markaziy banki qo‘llashi mumkin bo‘lgan choralar haqida ham fikr bildirishgan. Ko‘pchilikning fikricha, birinchi navbatda milliy valyutani qo‘llab-quvvatlash uchun zaxiralar ishga solinadi. Ikkinchi o‘rinda esa asosiy stavkalar oshirilib, so‘ngra kapitallarni cheklash bo‘yicha choralar qo‘llaniladi.

Ta'kidlanishicha, Rossiya hukumati uchun rublning arzon bo‘lishi zarur va foydali. Eng optimal ko‘rinish esa neft narxining 40 dollar, milliy valyutaning dollarga nisbatan kursi esa 80 rubl atrofida bo‘lishidir. Markaziy bank milliy valyuta qadri keskin tushib ketgan holatda rublni mustahkamlashga sarosimalar vujudga kelmasligi uchungina kirishadi.