Elchi: Turkiya qurolli kuchlari dunyoning eng kuchli armiyalaridan biridir
Bugungi kunda Turkiya qurolli kuchlari xalqaro maydonda “Mamlakatda tinchlik – butun dunyoda tinchlik” shiori ostida harakat qilib, muhim vazifalarni bajarmoqda va dunyoning eng kuchli armiyalaridan biri sifatida nom chiqarmoqda. Bu haqda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Namiq Gyuner Erpul Turkiya g‘alaba kuni va qurolli kuchlarining 93 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan qabul chog‘ida ma'lum qildi.
Uning fikricha, Turkiya armiyasi bugungi kunda mintaqadagi va xalqaro maydondagi tahdidlarga qarshi turadigan salohiyatga ega.
“Turkiya qurolli kuchlari har doim armiyamizga quvvat berayotgan buyuk turk xalqining, shuningdek, do‘stlarimiz va ittifoqchilarimizning g‘ururi bo‘lib qoladi”, - ta'kidladi elchi.
Ma'lumot uchun, qariyb 600 ming kishilik shaxsiy tarkibga ega Turkiya qo‘shinlari kuch jihatidan NATOda AQSh quruqlik qo‘shinlaridan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi. 26-30 avgust kunlari Dumlupinarda o‘tgan jangda Turkiya qo‘shinlari hal qiluvchi g‘alabani qo‘lga kiritib, Ikkinchi yunon-turk urushida yutib chiqqan. Bu g‘alaba Turkiya respublikasining tashkil topishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Shundan buyon ushbu sana mamlakatda G‘alaba bayrami sifatida nishonlanadi.