Olma-ota shahrida ota-onalardan noqonuniy ravishda pul undirgan 10ga yaqin maktab direktori javobgarlikka tortildi
Qozog‘istonning Olma-ota shahrida ota-onalardan noqonuniy ravishda pul undirgan 10ga yaqin maktab direktori javobgarlikka tortildi, deya xabar berdi BNews.kz.
Ayni paytda mazkur masala Olma-ota xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan qattiq nazorat ostiga olingan.
“Bir yil davomida 10 nafarga yaqin maktab direktori pul yig‘ish aybi bo‘yicha javobgarlikka tortildi. Ular ko‘rilgan zararni qoplashdi, ayrimlari esa ishdan bo‘shatildi. Biz noqonuniy pul yig‘ishlar amalga oshirilgan maktablar direktorini qattiq jazolaymiz. Mazkur masala xalq ta'limi boshqarmasining doimiy nazorati ostida. O‘quv yili boshlanishidan avval barcha maktab direktorlari, tuman xalq ta'limi bo‘limlari rahbarlariga maktab ehtiyojlari uchun har qanday miqdorda pul yig‘ish qat'iy taqiqlanishi haqida ogohlantirish maktublari jo‘natdik. Ushbu xatlarda ularni ma'lumotlar taxtachasiga ilib qo‘yish bandi ham mavjud”, – deydi Olma-ota Xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Galina Samatokina.
Uning qayd etishicha, barcha zarur sarf-xarajatlar davlat byudjyetidan qoplanadi. Ishonch telefoni orqali kelib tushgan axborotlar tekshiriladi. Agar ota-onalar pul taqdim etishni istashsa, ular mutlaqo oshkora tarzda homiylik hisobiga o‘tkazishlari mumkin.