O‘zbekiston | 12:00 / 28.08.2015
7577
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik harbiylar AQShning zirhli avtomobillarni boshqarish kurslarini o‘taydi

O‘zbekistonlik bir guruh harbiy xizmatchilar AQShning zirhli avtomobillarini boshqarishni o‘rganish uchun maxsus o‘qishlarda qatnashadi. Bu haqda AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Deniyel Rozenblyum O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga qaraganda, AQSh O‘zbekiston mudofaa vazirligiga 328 zirhli avtomobil yetkazib bergan bo‘lib, shulardan 308tasi MRAPs zirhli avtomobillari va 20 dona ta'mir-evakuatsiya mashinalaridir.

“MRAPs mashinalarini yetkazib berishni qishda boshlagan edik, yetkazmalar yaqinda tugadi”, - dedi u.

Shuningdek Rozenblyum, ushbu texnika Afg‘onistonda ishlatilmaganini va to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQShdan yetkazilganini ta'kidladi.
Ilgariroq Rozenblyum O‘zbekistonga IShIDga qarshi koalitsiyaga qo‘shilishni taklif qilgani xabar qilingan edi.

Uning ta'kidlashicha, koalitsiya harbiy sohagagina yo‘naltirilmay, balki radikallarni moliyalashtirishga qarshi kurashni, ularning saflariga yanada ko‘proq odamlar qo‘shilishining oldini olishni ham ko‘zda tutadi.