Jahon | 19:30 / 28.08.2015
8254
2 daqiqa o‘qiladi

Putin BMT Bosh assambleyasining 70-sessiyasida nutq so‘zlaydi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Nyu-Yorkda sentabr oyida o‘tadigan BMT Bosh assambleyasining 70-sessiyasida Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qiladi. Putinning bu haqdagi tegishli buyrug‘i huquqiy axborotlar rasmiy portalida chop etildi.

Hujjat bilan Putin boshchiligidagi 10 kishidan iborat delegatsiya tarkibi tasdiqlandi. Delegatsiya tarkibiga Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va uning o‘rinbosari Gennadiy Gatilov, Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov, Federatsiya kengashining xalqaro ishlar bo‘yicha rahbari Konstantin Kosachev, Davlat dumasining xalqaro ishlar bo‘yicha raisi Aleksey Pushkov, Rossiyaning AQShdagi elchisi Sergey Kislyak, Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vitaliy Churkin, Tashqi ishlar vazirligining xalqaro tashkilotlar departamenti rahbari Aleksandr Pankin va Qurollarni tarqatmaslik va nazorat qilish masalalari bo‘yicha departamenti direktori Mixail Ulyanov kirdi.

BMT Bosh assambleyasining 70-sessiyasi 15 sentabrda BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida ochiladi. Sessiya doirasida 25-27 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan sammitda 2015 yildan keyingi rivojlanish bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qilish rejalashtirilgan. So‘ngra umumiy muzokaralar boshlanadi va sessiya ishi 6 oktabrda o‘z nihoyasiga yetadi. Putin Nyu-Yorkdan ketgandan keyin Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilish Lavrovga o‘tadi.