Iqtisodiyot | 12:04 / 28.08.2015
2752
2 daqiqa o‘qiladi

Venesuela Rossiya ishtirokida OPeKning navbatdan tashqari sessiyasini o‘tkazishga chaqirdi

Venesuela Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPeK) a'zo mamlakatlaridan neft bozorida xom ashyo narxini ushlab turish bo‘yicha strategiya ishlab chiqish uchun Rossiya ishtirokida favqulodda sessiya o‘tkazishni taklif qilmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal o‘z manbasiga asoslangan holda xabar berdi.

Axborot manbasining ma'lum qilishicha, Venesuela mazkur masala yuzasidan Qatar bilan shartnoma imzolab ulgurgan.

“Venesuela agarda zarur choralar ko‘rilmasa, neft narxi tushishda davom etishidan jiddiy xavotir olmoqda, – dedi OPeK vakillaridan biri. – Ular neft narxiga ta'sir ko‘rsatishda OPeK imkoniyatlari cheklanganini yaxshi bilishadi. Biroq, shunga qaramasdan, tashkilotga a'zo bo‘lmagan boshqa ishlab chiqaruvchilar, ayniqsa, Rossiya bilan hamkorlik qilish lozim.”

OPeKning navbatdagi yig‘ilishi 2015 yilning 4 dekabrida bo‘lib o‘tishi belgilangan. Tashkilotning Fors ko‘rfazidagi a'zolari esa OPeK a'zosi bo‘lmagan davlatlar uyushmaning neft qazib olish hajmini qisqartirish mumkinligi haqidagi qaroriga qo‘shilmasa, favqulodda sessiyasini o‘tkazishdan ma'no yo‘q ekanini aytib o‘tishgan.

“Agarda Venesuela yoki Jazoir singari mamlakatlar Rossiyaning qaysidir mas'uliyatlarni zimmasiga olishiga qat'iy ishonch bildirsa, uchrashuv tashkil etishga sabab bor, biroq bunday bo‘lmasa, sessiya o‘tkazish uchun asoslar mavjud emas”, – dedi OPeK vakillaridan biri.