O‘zbekiston | 17:26 / 29.08.2015
4307
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning Toshkentdagi aviakassalari har kunlik ish tartibiga o‘tadi

2015 yilning 1 sentabridan boshlab Toshkent shahridagi “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK aviakassalari dam olish kunlarisiz har kuni 08.00dan 19.00ga qadar ish olib boradi.

Kompaniya matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, mazkur ish tartibi yo‘lovchilarning aviachiptalarni buyurtma qilishi, sotib olishi va aviaparvozlar haqida batafsil ma'lumot olishida qulaylik yaratish maqsadida joriy etildi.

Aviakassa zallariga yo‘nalishlarni tanlash, samolyotlar harakati jadvali bilan tanishish, bo‘sh o‘rinlar va aviachiptalar bahosi haqidagi ma'lumotlar uchun mo‘ljallangan elektron sensorli panellar, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK reyslarida tashish qoidalari haqida videorolik namoyish etuvchi informatsion monitorlar joylashtiriladi.

Shuningdek, “UzAirPlus” loyihasi ishtirokchilari va naqt pulsiz hisob-kitob qiluvchi yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatuvchi alohida bo‘lmachalar tashkil etiladi. Zallar coffee va snack-avtomatlar bilan ham ta'minlanadi.