Jamiyat | 02:26 / 29.08.2015
5177
2 daqiqa o‘qiladi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Madaniyat va san'at atamalarining izohli lug‘ati» taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida yangi nashr etilgan «Madaniyat va san'at atamalarining izohli lug‘ati» taqdimoti bo‘ldi, deb xabar berdi UzA.

Kutubxona direktori A.Xo‘jayev, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti direktori N.Mahmudov, professorlar A.Umarov, M.Bekmurodov va boshqalar mamlakatimizda xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma'naviyatini yuksaltirish, ularning teran tafakkurli, har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishi, ularga milliy san'atimiz, madaniyatimizga oid ma'lumotlarni yetkazish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar milliy adabiyotimizni yanada ravnaq toptirishdek ezgu ishlar bilan uyg‘un olib borilayotganini ta'kidladi.

Bu kabi lug‘atlarning nashr etilayotgani mamlakatimizda istiqlol yillarida ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning erkin ijod qilishi uchun barcha imkoniyatni yaratish borasidagi sa'y-harakatlar, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasidir.

O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti mutaxassislari tomonidan tayyorlangan ushbu kitobda so‘zlar, birikmalar, o‘zbek hamda jahon madaniyati va san'atiga oid atamalar izohi batafsil berilgan. Lug‘atdan madaniyat va san'at sohasi mutaxassislarini tayyorlaydigan barcha ta'lim maskanlarida foydalanish mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish