Jahon | 09:54 / 29.08.2015
3415
2 daqiqa o‘qiladi

Hillari Klinton prezidentlikka nomzodini ilgari surish uchun kerak bo‘lgan 20 foiz ovozni to‘pladi

AQShning sobiq davlat kotibi Hillari Klinton Demokratlar partiyasidan mamlakat prezidentligi uchun nomzodini ilgani surishga kerak bo‘lgan ovozlarning beshdan bir qismini to‘plab bo‘ldi. Bu haqda Klinton saylovoldi shtabi xodimlari ma'lumotiga asoslangan holda Bloomberg axborot xizmati xabar berdi.

Ma'lumki, AQSh prezidentligiga asosiy nomzodlar Respublikachilar va Demokratlar partiyalari s'yezdlarida ilgari suriladi. Prezidentlik lavozimi uchun nomzodlarni saralash bosqichida mazkur partiyalar forumlarida deputatlar ovozi uchun kurash kechadi. AQShda bu jarayon juda murakkab bo‘lib, har bir shtatda o‘ziga xos tarzda o‘tadi.
Biroq oldindan s'yezdlarda “supervakillar” deb nomlanuvchi partiya yuqori tabaqasidan bo‘lgan nomzodlarga ovoz berilishi ma'lum bo‘ladi.

Bu siyosatchilar allaqachon yuqori saylov pog‘onalarini egallagan senator va kongressmenlar, gubernatorlar, milliy partiya qo‘mitalari a'zolari va boshqa partiya oldida muhim xizmatlarini namoyon etgan shaxslar bo‘lishi mumkin. Eng so‘nggi muhim kvotalar odatda muayyan shtatlardagi partiya yetakchilariga taqdim etiladi.

Bloomberg xizmati hisob-kitoblariga ko‘ra, demokratlarning 2016 yildagi yozgi s'yezdida 4491 delegat ishtirok etadi. Bu esa prezidentlikka nomzod g‘alabasi uchun 2246 ovoz kerakligini anglatadi. “Supervakillar”ning umumiy soni esa 713 nafarni tashkil etadi.

Klinton shtabining ma'lum qilishicha, hozircha 130 “supervakil” uni rasman qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Biroq yana bir qancha norasmiy va'da berganlar ham bor. Umumiy bo‘lib Klinton nomzodiga 440 ovoz berilishi ma'lum qilingan.
Agarda shunday bo‘lsa, demak, Klintonni 60 foizdan ziyod “supervakil” qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu esa u zarur ovozlarning 20 foizini to‘plab ulgurganini anglatadi.