Jamiyat | 11:11 / 29.08.2015
3316
2 daqiqa o‘qiladi

Kanadalik ekolog hukumatga qarshi qo‘shiq kuylagani uchun ishdan haydaldi

Kanada atrof-muhitni muhofaza qilish agentligida ishlagan ekolog Toni Terner mamlakat bosh vaziri Stiven Xarperni haqoratlovchi qo‘shiq kuylagani uchun ishdan bo‘shatildi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bergan.

Ushbu olim o‘zining asosiy ishidan tashqari feysbukiga folk yo‘nalishidagi havaskorona qo‘shiqlarini joylashtirib borish bilan ham shug‘ullangan.

Uning navbatdagi qo‘shig‘i Harperman deb nomlanib, u bu qo‘shiqni xor jo‘rligida gitarasini chalgan holda ijro etgan. Qo‘shiqda bosh vazirning iste'fosi so‘ralgan jumlalar ham mavjud.

Ekologiya agentligidagi kasaba-uyushmalari vakilining aytishicha, Terner bu harakati orqali kasb odobi qoidalarini buzgan. Uning fikricha, olim bosh vazirning faoliyatini tekshirgandan ko‘ra, ko‘chmanchi qushlarning harakat yo‘nalishlarini kuzatishi kerak edi.

Kanada Kasb instituti davlat xizmati rahbari Debi Davuning ta'kidlashicha, olimni ishga tiklash bo‘yicha harakatlar amalga oshiriladi.

Terner esa o‘z feysbuki orqali boshqa kanadaliklarni bu qo‘shiqni birgalikda kuylashga da'vat qilishda davom etmoqda.

Ma'lumot uchun, 2 avgust kuni Kanada bosh vaziri parlamentni tarqatib yuborgandi va 19 oktabrda o‘tkaziladigan navbatdan tashqari saylov uchun tayyorgarlikni boshlagandi. Bu saylovoldi kampaniyasi mamlakatning zamonaviy tarixida eng uzoq davom etgan saylovoldi kampaniyasi bo‘ladi. Parlament saylovlari 19 oktabrda o‘tkaziladi, shu tariqa nomzodlar ixtiyorida tashviqot uchun 11 hafta yoki 78 kun vaqt bo‘ladi.

Biroz oldinroq, so‘rovnomalarga ko‘ra Stiven Xarper partiyasi bu saylovoldi kurashini yutqazayotgani xabar qilingandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish