Jahon | 06:44 / 29.08.2015
3223
1 daqiqa o‘qiladi

Obama: AQSh va Isroil keyingi avlod havo hujumiga qarshi mudofaa tizimini yaratishni muhokama qilmoqda

AQSh ma'muriyati Isroil bilan xavfsizlik masalalari, xususan keyingi avlod havo hujumiga qarshi mudofaa tizimini yaratishda hamkorlik qilish imkoniyatini muhokama qilgan holda faol suhbatlashuvni davom ettirmoqda.

Bu haqda 28 avgust kuni AQSh prezidenti Barak Obama AQShdagi yahudiy tashkilotlar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan teleanjuman davomida ma'lum qildi. “Biz bir necha oydan beri Isroil hukumati bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorligimizni qanday yo‘llar bilan mustahkamlash mumkinligini muhokama qilib kelmoqdamiz”, deb Obama aytgan so‘zlarni keltirib o‘tdi Reuters axborot agentligi.

AQSh avval Isroilga Arrow nomli havo hujumiga qarshi mudofaa tizimini yaratishda ko‘mak ko‘rsatgan.

Ushbu teleanjuman yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi. Bu uchrashuvning yozuvi Oq uy tomonidan tarqatilmadi.