Jamiyat | 02:39 / 29.08.2015
9633
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning “Sharq taronalari” o‘ninchi xalqaro musiqa festivalining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so‘zi

Samarqand shahrida 28 avgust kuni “Sharq taronalari” X xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov festivalda so‘zlagan nutqlarida festivalning ochilishi munosabati bilan barcha ishtirokchilar, mehmonlarni muborakbod etib, ularga o‘zlarining samimiy tabrik so‘zlarini yo‘lladilar, deb xabar berdi UzA.

Islom Karimov bu yili “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘ninchi marta – o‘ziga xos yubiley sonda bo‘lib o‘tayotganini, festivalga asos solingan 1997 yildan buyon undagi ishtirokchi mamlakatlar jo‘g‘rofiyasi kengayib, ularning soni ikki barobardan ziyod ko‘payib, 31 tadan 66 taga yetganining o‘zi ko‘p narsadan dalolat berishini ta'kidlab o‘tdilar.

Yurtboshimiz bu yilgi musiqa bayramiga Osiyo va Afrika, Yevropa va Amerika qit'alarida, Sharq va G‘arb mintaqalarida joylashgan o‘nlab davlatlardan noyob iste'dod sohiblari, mashhur ijodiy guruhlar tashrif buyurgani o‘tgan qisqa davrda festivalning dovrug‘i butun dunyoga tarannum etilib, uning obro‘-e'tibori va nufuzi tobora ortib borayotganidan darak berishini alohida qayd qildilar.

Prezidentimiz o‘z nutqlarining intihosida festivalning barcha ishtirokchilariga, shu kunlarda Samarqandda mehmon bo‘lib turgan barchaga o‘zlarining chuqur hurmat va ehtiromlarini bildirib, ularga sihat-salomatlik, baxt va omad, festival ishiga esa muvaffaqiyat tilab qoldilar.