Qoraqalpog‘istondagi Savitskiy muzeyi atrofidagi vaziyatga izoh berildi
O‘zbekiston Madaniyat va sporti ishlari vazirligi 28 avgust kuni Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san'at muzeyi direktori Marinika Babanazarovaning ishdan bo‘shatilishi bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi.
Vazirlik saytida Qoraqalpog‘iston Madaniyat va sporti ishlari vazirligi Marinika Babanazarovani egallab turgan lavozimidan pensiyaga chiqishi munosabati bilan bo‘shatgani xabar qilindi.
Marinika Babanazarovaning ishdan bo‘shatilishi to‘g‘risidagi xabar O‘zbekiston va chet el ommaviy axborot vositalarida turli chiqishlarga sabab bo‘ldi. Jahonga mashhur Nukus muzeyining mehnat jamoasi ham rasman norozilik bildirgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
«O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi I. V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san'at muzeyi sobiq direktori Marinika Maratovna Babanazarovaning muzey rivojiga qo‘shgan hissasini munosib baholaydi hamda jamoatchilikni uning nafaqaga chiqish to‘g‘risidagi xohishini hurmat qilishga chaqiradi», — deyiladi vazirlik tarqatgan xabarda.
Xabarda qayd etilishicha, «M. M. Babanazarovaning nafaqaga chiqishi uning muzey jamoasidan ketganini bildirmaydi. U o‘tkaziladigan tadbirlarda muzey faxriysi sifatida ishtirok etishi mumkin».
Madaniyat va sporti ishlari vazirligi, shuningdek, «Muzeylar to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, muzeylarda saqlanayotgan muzey ashyolari va kolleksiyalari davlat mulki hisoblanishi va davlat ularni to‘la muhofaza qilishi hamda muzey rahbari lavozimiga shaxslar qonun hujjatlariga ko‘ra tayinlanishi va ozod etilishini eslatib o‘tdi.