Tojikistonda 10 nafar fuqaro “IShID” g‘oyalarini targ‘ibot qilgani uchun hibsga olindi
Tojikiston huquq-tartibot muassasalari Nurek shahrida yashovchi 10 nafar kishini “IShID” terrorchilik guruhi g‘oyalarini targ‘ib qilganlikda gumon qilib hibsga oldi. Hibsga olinganlar Nurekda “IShID”ning bayrog‘ini osib ketganlikka aloqador bo‘lishi mumkin, deb ma'lum qilmoqda mamlakat IIV matbuot markazi vakili.
Vakilning aytishicha, Dushanbedan sharqqa tomon 100 km uzoqroqda joylashgan Nurekda “IShID”ning qora bayroqlari aniqlangan.
“Shu holat yuzasidan Tojikiston IIVning Xatlon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Nurek shahrida yashovchi 10 kishi qo‘lga olindi”, deb aytmoqda matbuot markazi vakili.
Vakil bergan ma'lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchilar internet-saytlar orrqali Suriyada bo‘lgan Yunus ismli kimsa bilan aloqada bo‘lganlar va uning buyruqlariga ko‘ra Tojikistondagi vaziyatni barqarorsizlashtirish bo‘yicha harakatlar olib borganlar. “IShID” bayroqlarining osib ketilishiga Tojikiston islom uyg‘onish partiyasining Nurekdagi a'zosi Davliyo Saidov ham aloqador bo‘lishi mukminligi aytilmoqda.
Saidov ham Nurekda suriyalik Yunusning buyruqlarini bajargan va bu ishlarga partiyadoshlarini jalb qilgan. Ulardan har biri qora mato sotib olib, unga “IShID” bayrog‘idagi kabi yozuvlarni yozib, uni osib qo‘yganlikka aloqadorligi aytilmoqda.
Xuddi shunday bayroq avgust o‘rtalarida Xatlon viloyatining Shahrituz tumanida tuman ma'muriyati binosi yonida osib ketilgan edi. Ushbu holat bo‘yicha tumanda yashovchi 17-19 yoshli 8 nafar shaxs hibsga olingan edi.