O‘zbekiston | 13:36 / 29.08.2015
8337
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ko‘p qavatli uylardagi parabolik antennalar va konditsionerlar olib tashlanmaydi

29 avgust kuni Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati brifing tashkil etdi. Unda poytaxtning bosh ko‘chalarida olib borilayotgan rekonstruksiya, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari borasida so‘z bordi.

Toshkent shahar bosh ko‘chalarini rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, yo‘l transport infratuzilmasini takomillashtirish, binolar va inshootlarning me'moriy qiyofasini yangilash maqsadida 2015 yilning 5 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining №227-sonli qarori qabul kilingan. Ushbu qarorda 2015-2016 yillarda rekonstruksiya va ta'mirlanadigan Toshkent magistral ko‘chalari ro‘yxati tasdiqlangan.

Hozirgi kunda mazkur ko‘chalarni ta'mirlash va rekonstruksiya qilish ishlari boshlab yuborildi. Jumladan, bir qator ko‘chalarda yangicha me'moriy o‘zgarishlar, obodonchilik ishlari boshlangan, shuningdek yoritish tizimlari, yo‘laklar, favvoralar, sug‘orish tizimlarini ta'mirlash ko‘kalamzorlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish jarayonlari davom etmoqda.
Binolarni va ko‘p qavatli turar-joylarning holatini o‘rganish jarayonida mutaxassislar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Uy-joy kodeksi”ning ayrim bandlari buzilayotgani holatlari aniqlanmoqda (jumladan, Kodeksning 2,5,16,21,24 va 124 bandlari).

Ayniqsa, ko‘p qavatli uylar oldidagi noqonuniy qurilmalar, ayvonlarni o‘zgartirish, g‘isht bilan o‘rab olish va xonadonlar ichidagi noqonuniy ta'mirlashlar nafaqat uylarning fasad qismlari ko‘rinishiga, balki bevosita ularda yashovchi fuqarolar xavfsizligiga ham tahdid qiladi. Bu kabi o‘zgartishlar ko‘p qavatli uylarning qurilish normativlariga ham ziddir. Shu bilan birga, bir qator xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar kabel televideniyelari tarmoqlariga ulashda ham uylarning uy yo‘laklari qismida maxsus ajratilgan joylar ko‘zda tutilganiga qaramay, tom ustlari orqali ulashlarni amalga oshirmoqda, bu esa zamonaviy polizol qoplamalarini shikastlaydi, ayrim uylarning fasadlarida esa ulanish simlarining osilib turishi yanada achinarli hol hisoblanadi.

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, Toshkent shahar hokimligi ko‘p qavatli uylarda parabolik antennalar yoki konditsionerlar o‘rnatishni cheklashga qaratilgan hech qanday qaror yoki farmoyish qabul qilgan emas. Bunday masala kun tartibiga ham qo‘yilgani yo‘q.

Brifingda Toshkent shahar Kommunal foydalanish birlashmasi rahbari Ilhom Mahkamov jurnalistlarga bu borada batafsil ma'lumot berdi.

"Imkoniyatdan foydalanib ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarimiz, ayniqsa Toshkent shahar magistral ko‘chalari bo‘yidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholini O‘zbekiston Respublikasi “Uy-joy kodeksi” talablariga amal qilishga chaqirib qolamiz", dedi u.