Jahon | 06:40 / 30.08.2015
2653
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Bosh kotibi yadroviy sinovlarni taqiqlash haqidagi shartnomani imzolashga chaqirdi

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun 29 avgust – Yadroviy sinovlarga qarshi harakatlar xalqaro kuni Yadroviy sinovlarni o‘tkazishni taqiqlash haqidagi kelishuvni imzolamagan ba'zi davlatlarni uni imzolashga chaqirdi.

Pan Gi Mun 29 avgustdagi murojaatida “Yadroviy sinovlarni yalpi taqiqlash haqidagi kelishuv” “yadroviy qurolni yo‘q qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi” deb, u qabul qilingandan 20 yil o‘tib ham hali biror marta ham kuchga kirmaganini ta'kidlab o‘tdi.

Shartnoma BMT Bosh assambleyasi rezolyutsiyasi bilan 1996 yilda qabul qilingan va AQSh kabi bir qator davlatlar tomonidan imzolanmagani uchun hali ham kuchga kirmagan. Barcha Yevropa davlatlari, jumladan Rossiya, Buyuk Britaniya va Fransiya ushbu shartnomani ratifikatsiya qilganlar.

Shu sabab Pan Gi Mun “qolgan davlatlarga, ayniqsa imzosi zarur bo‘lgan 8 ta davlatga murojaat qilib, shartnoma kuchga kirishi uchun uni imzolab, ratifikatsiya qilishni” so‘rab qoldi.

Yadroviy sinovlarga qarshi harakatlar xalqaro kuni 29 avgust kuni BMT Bosh assambleyasining rezolyutsiyasi bilan 2009 yildan beri nishonlab kelinadi. 1991 yil 29 avgustda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning buyrug‘i bilan sayyoramizdagi eng katta yadroviy poligon – Semipalatinsk sinov poligoni rasman yopilgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish