Tyantszindagi portlash qurbonlari soni 150 kishiga yetdi: ularning 92 nafari o‘t o‘chiruvchilar
12 avgust kuni Xitoyning Tyantszin shahridagi xavfli kimyoviy moddalar omborxonasida ro‘y bergan portlash qurbonlari soni 150 nafarga yetdi, yana 23 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Bu haqda qutqaruv operatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdim etilgan ma'lumotga ko‘ra, barcha jasad egalarining shaxsi aniqlangan. Mahalliy hukumatning xabar berishicha, halok bo‘lganlarning 92 nafari o‘t o‘chiruvchilar, 10 nafari esa politsiyachilardir. Yana 12 nafar o‘t o‘chiruvchi, bir politsiyachi hamda 10 nafar boshqa shaxslar bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida.
Fojyea natijasida 800 nafar atrofidagi kishi jarohat oldi, ularning 367 nafari hamon shifoxonalarda davolanayapti. 20 kishining ahvoli og‘irligicha qolmoqda. 431 kishi esa davo choralarini olganidan so‘ng tibbiyot muassasalaridan chiqarilgan.
Portlash 2015 yil 12 avgust kuni “Juyxay” logistika kompaniyasi omborxonasida ro‘y bergan edi. To‘lqin zarbidan 2 km radiusdagi binolarning oynalari sinib, 10 mingga yaqin avtomobil yonib ketgan.
Kuchi 3 tonna trotil ekvivalentiga baholangan portlashdan keyin voqea joyida kuchli yong‘in chiqqan. Shundan keyin omborxonada yana bir nechta portlashlar yuz bergan, ulardan eng kuchlisining quvvati 21 tonna trotil portlashiga teng bo‘lgan.