O‘zbekiston | 14:10 / 31.08.2015
4238
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada harbiy xizmatchilar uchun chegara posti majmuasi va yangi uy-joy foydalanishga topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarining Farg‘ona viloyatidagi harbiy qismlaridan birida harbiy xizmatchilar uchun chegara posti majmuasi va yangi uy-joy foydalanishga topshirildi. Ushbu zamonaviy uylarga 16 harbiy xizmatchi oilasi ko‘chib o‘tdi. Bu haqda UzA xabar bergan.

Harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, urush va mehnat fronti faxriylari, yoshlar ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida mamlakat Qurolli Kuchlari tizimini takomillashtirish, vatan tinchligi, xalq osoyishtaligi va sarhadlar daxlsizligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. 

O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, ularning yashash sharoitini yanada yaxshilash muhim vazifalardan etib belgilangan. Barcha qulayliklarga ega chegara posti va yangi uyning foydalanishga topshirilishi harbiy xizmatchilarga ko‘rsatilayotgan ana shunday g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi hisoblanadi. 

“Biz, harbiylar uchun yaratilayotgan sharoitlardan juda mamnunmiz. Oilamiz uchun ajratilgan xonadonda barcha qulayliklar muhayyo. Sharoitlar shaharnikidan aslo qolishmaydi. Oilamiz yonimizda. Davlatimiz harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgan ekan, biz ham shunga munosib bo‘lishga, Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilishga va'da beramiz”, – deydi leytenant Hamidjon G‘afforov. 

Yangi uyga ko‘chib kirgan O‘g‘iloy va Umidjon Teshaboyevlar oilasining ham quvonchi cheksizligini bildirishdi. 

“Harbiy xizmatchining turmush o‘rtog‘i bo‘lganimdan faxrlanaman. Bu yerda farovon turmush uchun nimaiki zarur bo‘lsa, barchasi muhayyo. Farzandlarimizning sport va boshqa mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishi ham inobatga olingan. Bunday e'tibor va g‘amxo‘rlik uchun biz, harbiylarning oilalari Prezidentimizdan minnatdormiz”, – deydi O‘g‘iloy Teshaboyeva.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish