O‘zbekiston | 14:27 / 31.08.2015
19305
7 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov Mustaqillik maydoni va "Shahidlar xotirasi" majmuasini ziyorat qildi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi bilan 2000 yili Toshkentning Bo‘zsuv sohilida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui barpo etildi. Majmua tarkibida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi va shu nomdagi jamg‘arma tashkil qilindi. 2001 yildan buyon 31 avgustni Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlash ezgu an'anaga aylandi.

Bugun ham an'anaga ko‘ra, “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuida marhumlarni xotirlash marosimi o‘tkazildi. Qur'on tilovat qilinib, qatag‘on qurbonlari ruhiga hurmat bajo keltirildi. Marosimda davlat rahbari Islom Karimov ham ishtirok etdi. Bu haqda Uza xabar qilgan.

“Ushbu majmua mustabid tuzum davrida zulm va tajovuz qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasiga ko‘rsatilgan ulkan ehtiromning yorqin ifodasidir. Bu yerda ajdodlari xotirasini yod etishga kelganlar, ayniqsa, yoshlar bugungi tinch va osoyishta, to‘kin va farovon hayotga qanday og‘ir yo‘qotishlar, sinovlar va mashaqqatlar evaziga erishganimizni anglaydi, tinchlikning, mustaqillikning naqadar buyuk ne'mat ekanini teranroq his etadi. Vatanimiz mustaqilligining 24 yillik shodiyonalari keng nishonlanayotgan shu kunlarda bugungi ozod va obod kunlarni orzu qilgan, shu yo‘lda o‘z hayotini ham ayamagan ajdodlarimizning xotirasini yod etar ekanmiz, istiqlol tufayli yurtimizda tarixiy adolat qaror topganiga, xalqimiz o‘tmishdan saboq chiqarib, buyuk kelajak sari dadil intilayotganiga, bunda tabarruk qadamjolar katta tarbiyaviy ahamiyatga ega ekaniga yana bir bor amin bo‘lamiz. Shunday farahbaxsh damlarda shu aziz Vatan barchamizniki, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash har birimizning muqaddas burchimizdir, degan ezgu tuyg‘u jo‘sh uradi”, deyiladi xabarda.

Islom Karimov ulamolar, jamoatchilik vakillari bilan suhbatda tarixiy xotira, mamlakatimizda erishilgan ulkan yutuqlar, el-yurtimiz hayoti, odamlarimiz turmush tarzi, ongu tafakkurida ro‘y bergan o‘zgarishlar, jahonda va yaqin atrofimizdagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat to‘g‘risida fikr yuritdi. Bugungi notinch zamon doimo ogoh, hushyor va sezgir bo‘lishni talab qilishini alohida ta'kidladi. 

“Biz hayotdan doimo yaxshilik kutib, boshqalarga ham yaxshilik tilab yashaydigan xalqmiz. Shuning uchun ham ertangi kunimizning bugungidan ko‘ra yorug‘, tinch va farovon bo‘lishini orzu qilamiz, shu yo‘lda o‘zimizni ayamasdan, bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz”, dedi Islom Karimov. 

“Barqaror taraqqiyot yo‘lidan izchil qadamlar bilan borayotgan O‘zbekistonimizning turli sohalarda erishayotgan yutuqlari barchamizga haqli ravishda g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. Biz qo‘lga kiritgan ulkan natijalarni jahon hamjamiyati ham tan olmoqda. Ammo ana shunday yuksak marralarga osonlik bilan erishganimiz yo‘q. Bu yo‘lda qanday og‘ir sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tishga, tunu kun tinmay fidokorona mehnat qilishga to‘g‘ri kelganini xalqimiz yaxshi biladi va munosib qadrlaydi. 

Bugungi kunda dunyoning turli mintaqa va hududlarida avj olayotgan qarama-qarshiliklar, qonli to‘qnashuvlar, musulmon dunyosidagi turli mazhab va oqimlar o‘rtasida kuchayib borayotgan nizo va ziddiyatlar, begunoh odamlarning qurbon bo‘layotgani barchamizni tashvish va xavotirga solmasdan qo‘ymaydi. 

Bunday holatlarning kelib chiqish sabablarini, ularning fojiali oqibatlarini chuqur tushunib, anglab olish, keng jamoatchiligimizga, ayniqsa, yoshlarga yetkazish bugungi kunning dolzarb vazifalaridandir. Diniy qadriyatlarning, ezgulik va insoniyatning dushmani bo‘lgan yot g‘oyalarning asl mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish, mana shunday tinch, musaffo osmon ostida bunyodkorlik mehnati bilan band bo‘lib, shukrona keltirib yashayotgan olijanob xalqimizning tinch va farovon hayotini har qanday balo-qazolardan asrash – eng asosiy vazifalarimizdan bo‘lishi kerak”, dedi O‘zbekiston Prezidenti. 

“Bu borada O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning joylardagi tuzilmalari, imom-xatiblarning hayot bilan hamqadam bo‘lib ish olib borishlari, o‘z faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishlari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Yurtimizda yashayotgan har qaysi inson bugungi kunda dunyoda nima bo‘layotganidan xabardor bo‘lib, xavf-xatarlardan ogoh bo‘lib, ularning oldini olish, bartaraf etish uchun, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash yo‘lida kurashib yashashi zarurligini hayotning o‘zi taqozo etmoqda. 

Tinchlik – ulug‘ ne'mat. Mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikdan xotirjamlikka berilish, ogohlik va sezgirlikni yo‘qotishga mutlaqo haqqimiz yo‘q, dedi Islom Karimov. Bu yo‘lda barchamiz, butun xalqimiz yanada jips bo‘lib, hamjihatlikda harakat qilishimiz zarur. Zero, tinchlik uchun kurashish kerak, uni hech kim yaratib bermaydi. 

Mustaqilligimizning 24 yillik ayyomi nishonlanayotgan qutlug‘ kunda ko‘pni ko‘rgan, mehnatkash, bag‘rikeng, olijanob xalqimizga tinchlik-omonlik tilayman, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin, barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin”, deb o‘z so‘zlarini davom ettiradi davlat rahbari. 

Islom Karimov Mustaqillik maydoniga ham tashrif buyurib, hurriyat, porloq istiqbol va ezgu niyatlar ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi. 

Davlat rahbari Mustaqillik maydonini yanada obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish zarurligini, buning uchun iqlimimizga mos daraxtlar, gullarni yanada ko‘proq ekishga alohida e'tibor qaratish lozimligini ta'kidladi. 

Prezident Shaxmat bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabini ham borib ko‘rdi. Milliy me'morlik va zamonaviy arxitektura namunalarini uyg‘unlashtirgan holda barpo etilgan bu inshootning xalqaro musobaqalar o‘tkaziladigan zalida, umuman mazkur maktabda sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tavsiyalar berdi. 

Shu kuni Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar va jamoatchilik nomidan ham gulchambarlar qo‘yildi.