Mustaqilligimizning 24 yilligi muborak bo‘lsin
Istiqlolning nechog‘lik buyuk baxt ekanini mustabit tuzum zulm-iskanjasi ostida azob chekkanlar, jismi zanjirband bo‘lsa-da qalbi, ruhi ozod insonlar teranroq anglaydilar.
70 yil Sobiq Ittifoq mamlakatlari ichida eng qoloq, eng past ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan O‘zbekiston deb atalmish mamlakat mustaqillik da'vosi bilan chiqqanida, ochig‘i, ko‘pchilik, hattoki shu yurt vakillari ham uning kelajagi, porloq taraqqiyotiga shubha ko‘zi bilan qaragan edi. Biroq kimlardir intizor bo‘lgan, kimlar esa ishonqiramay kutgan kunlar keldi — O‘zbekiston 1991 yilning 31 avgust sanasida o‘z mustaqilligini e'lon qildi.
Vatan ozodligi, uning baxtu saodatini kuylagan, shu yo‘lda jon fido qilishga ham tayyor turgan Cho‘lpon, Qodiriy, Behbudiy, Alixonto‘ra Sog‘uniy singari minglab, yuz minglab chinakam vatanparvar, millatparvar insonlarning orzusiga hamohang tarzda bu yurt tarixan qisqa fursatlarda oyoqqa turdi, o‘z nomini dunyoga tanitdi, sha'nu shavkatining jahon tan olishiga erishdi.
Bugun iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy-ma'rifiy sohalarda qanchalik yutuq va muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsak, hali oldinda egallashimiz zarur bo‘lgan marralar ham bisyor. Mehnatkash, soddadil xalqimiz kelajakka ishonch ko‘zi bilan qarash, o‘z orzu-maqsadlariga erishish yo‘lida olg‘a intilishdan tolmaydi.
Eng ulug‘, eng aziz ayyomimiz barchamizga muborak bo‘lsin! Istiqlolimiz mangu, osmonimiz musaffo, hayotimiz farovon bo‘laversin!
Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!
www.kun.uz tahririyati jamoasi