Jamiyat | 16:16 / 31.08.2015
3780
3 daqiqa o‘qiladi

Nikita Mixalkovning Ukrainaga kirishi taqiqlab qo‘yildi

Ukraina xavfsizlik xizmati mamlakat hududiga kirishi taqiqlangan 16 nafar madaniyat arboblari va OAV xodimlarining nomini oshqor qildi. Bu haqda UXX matbuot xizmati vakili "Apostrof" nashriga ma'lum qilgan.

Ma'lum qilinishicha, yangi ro‘yxatga qayd etilganlar orasida rossiyalik rejissyor Nikita Mixalkov, publitsist Vladimir Kucherenko va iqtisodchi Mixail Xazin nomlari bor.

Bundan tashqari bu ro‘yxatda Oleg Gazmanov, Iosif Kobzon, Valeriya Perfilova (Valeriya), Iosif Prigojin, Sergey Bezrukov, Mixail Boyarskiy, Nikolay Rastorguyev, Ivan Oxlobistin, Mixail Porechenkov, Grigoriy Leps, Jyerar Deparde, Stanislav Pexa (Stas Pexa) nomlarini ko‘rish mumkin.

"Ukrainaning milliy xavfsizligiga tahdid solmasligini ta'minlash maqsadida Ukraina xavfsizlik xizmati amaldagi qonunchilik bo‘yicha ushbu shaxslarning mamlakat hududiga kirishini taqiqlaydi", deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, 2014 yilning 28 oktabrida Ukraina hukumati rossiyalik taniqli shaxslarning 14 nafarini non-granata sifatida e'lon qilgandi. O‘shanda Ukraina TIV bu ro‘yxatdagi shaxslar nomini xalqaro normalar tufayli oshkor qilmagandi.

Shu yilning avgust oyi boshida Ukraina TIV rahbari maslahatchisi Anton Gerashchenko o‘z feysbukida Ukraina Rossiyadagi 500 nafarga yaqin madaniyat xodimlarini "qora ro‘yxat"ga kiritishni mo‘ljallayotgani haqida yozgandi. U bunday shaxslar "Ukrainaning hududiy daxlsizligiga tahdid solgani" uchun sanksiyaga uchrashi va bunday shaxslar mamlakat hududida o‘z konsert dasturlarini namoyish qila olmasligini bildirgandi.

O‘z navbatida, Ukrainada "oq ro‘yxat" ham tuzilgan bo‘lib, bu ro‘yxatda mamlakat bilan hamkorlar sifatida 34 kishining nomi qayd etilgan. Bu ro‘yxatda Andrey Makarevich, Liya Axejakova, Valentin Gaft, Oleg Basilashvili, Eldar Ryazanov, Yuriy Shevchuk, Mixail Jvanetskiy, Boris Akunin, Zemfira, Sergey Parxomenko (Serega), Vaxtang Kikabidze, Mixail Yefremov, Arnold Shvartsenegger, Jorj Kluni, Jared Leto kabilarning nomlarini ko‘rish mumkin.