Termizda “Kamolot” uyi foydalanishga topshirildi
O‘zbekiston mustaqilligining 24 yillik shodiyonalari o‘tkazilayotgan kunlarda Termizda “Kamolot” uyi foydalanishga topshirildi. Bu haqda UzA xabar bergan.
“Davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, nuroniylar, yoshlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib turmush sharoiti yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar navqiron avlod qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta'kidlandi.
Prezidentimizning 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda”, deyiladi xabarda.
64 oilaga mo‘ljallangan ikki va uch xonali “Kamolot” uyida yosh oilalarning farovon turmush kechirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Ko‘p qavatli uy hovlisida zamonaviy jihozlangan bolalar sporti maydonchasi barpo etilgan. Mustaqillikning 24 yillik bayramini yangi uyda nishonlayotgan yosh oilalar orasida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari, fidokorona mehnati bilan tengdoshlariga ibrat bo‘layotgan turli kasb egalari, xalqaro miqyosda yuksak natijalarga erishayotgan yosh sportchilar bor.
Termiz shahridagi 12-Mehribonlik uyi direktorining o‘rinbosari, karate bo‘yicha Osiyo chempioni, xalqaro toifadagi hakam Alisher Qilichev ana shunday baxtiyor yoshlardan biri bo‘lib, 15 yildan buyon karate bilan muntazam shug‘ullanib kelayotgan Alisher bu yil 28 yoshni qarshi olgan. To‘rt karra O‘zbekiston chempioni Toshkent shahrida ushbu sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan nufuzli xalqaro musobaqada Osiyo chempioni, degan yuksak nomga sazovor bo‘ldi. Shu kunlarda Alisher Yaponiyada o‘tkaziladigan Osiyo chempionatida ham muvaffaqiyatli ishtirok etishga puxta hozirlik ko‘rmoqda.
“Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida foydalanishga topshirilgan “Kamolot” uyi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining yorqin ifodasidir. Hech qanday badal to‘lovisiz uzoq muddatli imtiyozli kredit evaziga uch xonali uyga ega bo‘ldik. Mustaqillik bayramini o‘zimiz orzu qilgan zamonaviy uyda nishonlayotganimizdan juda xursandmiz”, – deydi karate bo‘yicha Osiyo chempioni, xalqaro toifadagi hakam Alisher Qilichev.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi T.Mamaraimov so‘zga chiqqan.