Toshkent shahri hokimi Prezident nomidan "Shuhrat" medalining 101 yoshli sohibasini tabrikladi
Prezidentimiz Islom Karimovning shu yil 26 avgustdagi farmoniga binoan Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi 101 yoshli Salima aya G‘aniyeva “Shuhrat” medali bilan taqdirlangandi.
Toshkent shahar hokimi R.Usmonov eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari bilan onaxonning xonadoniga kelib, uni Prezident Islom Karimov nomidan tabrikladi va davlatimizning ushbu yuksak mukofotini topshirdi.
Salima G‘aniyeva uzoq yillar Toshkentdagi trikotaj fabrikasida mehnat qilgan. Sakkiz farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Ayni vaqtda nabira-chevaralari ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda.
"Onaxonning xonadoni farzandlari, yaqinlari, mahalladoshlar bilan doimo gavjum. Salima aya ularga yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, vatanni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash zarurligini ta'kidlaydi. Yoshlarni mehnatsevar, el-yurtiga sadoqatli bo‘lishga, ta'lim-tarbiya olish uchun yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanishga da'vat etadi.
Salima ayaning katta oilasidagi totuvlikka, fayzu barakaga barchaning havasi keladi. Onaxon har tongda yurtimizga tinchlik-omonlik, sihat-salomatlik, dasturxonlarga qut-baraka tilashdan tolmaydi", deyiladi UzA xabarida.
"Bugungi sururli, quvonchli kunlarga yetkazganiga shukr. Inson umrining mazmuni halol mehnat, samimiyat, o‘zing bilan birga o‘zgalarga ham tinchlik-omonlik, baxt tilab yashashdadir. Mamlakatimizda odamlar mehnatining rohatini, farzandlarining baxtini ko‘rishi uchun hamma sharoit muhayyo. Bundan ko‘nglim tog‘dek o‘sadi. Mustaqillik bayrami arafasida Yurtboshimiz meni shunday yuksak mukofotga loyiq ko‘rgani butun oilamizni quvontirib yubordi. Ilohim, umrlari uzoq, boshlari omon bo‘lsin!", – deydi Salima aya.