Jahon | 17:01 / 31.08.2015
5208
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Radasi binosi oldida portlash sodir bo‘lib, 15 nafar militsiya xodimi jabrlandi

Ukraina parlamenti qarshisida uyushtirilgan namoyish vaqtida kuchli portlash sodir etildi va tartibsizlikni to‘xtatishga urinayotgan militsiyaning kamida 15 nafar xodimi jarohatlandi. Bu haqda 112.ua telekanalida xabar qilindi.

Voqea joyidan jonli ravishda efirga chiqqan jurnalistning aytishicha, portlashdan keyin yo‘lda qon ko‘lmagi paydo bo‘lgan, ba'zi jurnalistlar ham tibbiy yordamga muhtoj bo‘lishgan.

Boshqa OAVlarda aytilishicha, portlash asoratlari u qadar vahimali emas.

Ayni vaqtda Oliy Rada qarshisidagi Konstitutsiya maydonidagi namoyishchilarni tarqatish uchun huquq-tartibot organlari xodimlari ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llamoqda.

Namoyishchilar esa militsiya va organlar xodimlariga qarata shisha idishlar va tosh bo‘laklari uloqtirishmoqda.

Namoyishchilar parlament binosiga bostirib kirishni maqsad qilishgan. Militsiya safiga esa qo‘shimcha kuchlar yetib kelmoqda va zarur bo‘lsa keskin choralar ko‘rilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Ukraina IIV xodimining ma'lumot berishicha, namoyish vaqtida o‘ta faol harakat qilganlardan biri hibsga olingan.

OAVlardan birining ma'lumotiga ko‘ra, namoyishchi guruhlardan biri o‘zini o‘rab olgan militsiya kuchlarini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.

Biroz oldinroq, namoyishchilar Rada binosini shturm qilishni boshlagani haqida xabar berilgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish