Sport | 20:35 / 01.09.2015
3225
2 daqiqa o‘qiladi

Bangkokda boks bo‘yicha Osiyo chempionatida yarim finalga chiqqan O‘zbekiston vakillari soni 5 nafarga yetdi

Bangkokdagi davom etayotgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida yana 3 nafar o‘zbekistonlik sportchi yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Bu haqda "Stadion.uz" nashri xabar bergan.

56 kg.gacha bo‘lgan vaznda ishtirok etayotgan Murodjon Ahmadaliyev chorak finalda vetnamlik Tran Pu Chuong bilan bahs olib bordi va raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Hakamlarning barchasi g‘alabani o‘zbekistonlik bokschiga taqdim etdi.

64 kg. vazn toifasida London olimpiadasida chorak finalgacha yetib borgan Fazliddin G‘oibnazarov yarim final yo‘llanmasi uchun jangda hindistonlik Manoj Kumarni mag‘lub etdi. Hind bokschisi Fazliddinga qarshilik ko‘rsatishga urindi, ammo O‘zbekiston vakili taktik jihatda to‘g‘ri jang olib bordi. Natijada u ham ringni g‘olib sifatida tark etdi.

Kunning eng so‘nggi jangida 91 kg. gacha bo‘lgan vaznda Rustam To‘laganov ham hind bokschisiga qarshi bellashdi. Hakamlarning barchasi o‘zbek bokschisi Manprit Sinx ustidan g‘alaba qozonganini qayd etishdi.

Bugun bo‘lib o‘tgan kunduzgi janglarda Hasanboy Do‘smatov va Bektemir Meliqo‘ziyev ham keyingi bosqichga o‘tgani haqida xabar berilgandi.

Undan avvalroq esa, Bangkokdagi Osiyo chempionatida 10 o‘zbek bokschisining 9 nafari chorak final bahslarini davom ettirishi haqida xabar qilingandi.

Shu tariqa, bugun ringga ko‘tarilgan o‘zbekistonlik bokschilarning barchasi g‘olib chiqib, yarim final yo‘llanmasiga ega bo‘lishdi. O‘zbekiston terma jamoasining mazkur 5 nafar a'zosi kamida bronza medallarni qo‘lga kiritishadi.

2 sentabr kuni yana 4 nafar o‘zbekistonlik sportchi yarim final yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tarilishadi.