O‘zbekiston | 00:11 / 01.09.2015
5393
7 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to‘rt yilligi bilan butun O‘zbekiston ahlini muborakbod etdi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan 31 avgust kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy bog‘ida o‘tgan tantanali marosimdagi nutqida butun O‘zbekiston ahlini eng ulug‘, eng aziz bayram bilan tabriklab qoldi.

Muhtaram mehmonlar!

Bugun mana shu go‘zal va muhtasham maydonda siz, aziz yurtdoshlarimiz bilan ko‘rishish, barchangizni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni biz uchun eng ulug‘ va eng aziz bo‘lgan O‘zbekistonimizning Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan tabriklash – men uchun katta baxt, katta sharafdir.

Mustaqillik biz uchun hayotimizning ma'no-mazmunini butunlay o‘zgartirgan, tariximizda yangi sahifa ochgan buyuk voqea bo‘lib, Vatanimizni, xalqimizni eski mustabid tizim kishanlaridan ozod qilgani, milliy demokratik davlat qurish, barcha mamlakatlar va xalqlar bilan teng bo‘lib, farovon hayot barpo etish yo‘lini ochib bergani bilan qadrli va mo‘'tabardir.

Aynan mustaqillik sharofati bilan mard va matonatli xalqimiz tarixan qisqa davrda amalga oshirgan olamshumul ishlar tufayli shahar va qishloqlarimizning, butun mamlakatimizning qiyofasi tobora ochilib, obod bo‘lib borayotgani, aholimizning hayot darajasi va sifati yuksalayotgani, bugun O‘zbekistonimiz zamonaviy davlatlar qatoriga kirayotgani – o‘zingiz ayting, aziz do‘stlar, mustaqillikka erishmasdan turib, bunday marralarga yetish mumkinmidi?

Bunga javob bitta – yo‘q va aslo yo‘q.

Bu fikrning yaqqol tasdig‘ini avvalo bosib o‘tgan yo‘limiz va mamlakatimiz qo‘ygan qadamlarda ko‘rish, kuzatish qiyin emas.

O‘zbekistonimiz iqtisodiyoti, jahon miqyosida hali-beri davom etayotgan inqirozga qaramasdan, istiqlol yillarida 5,5 karradan ziyod o‘sgani, aholimizning real daromadlari jon boshiga 9 marta ko‘paygani, odamlarimizning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 67 yoshdan 73 yoshga, ayollar o‘rtasida esa 75 yoshga yetgani hech kimni befarq qoldirmaydi, albatta.

Mamlakatimiz yer yuzidagi eng tez sur'atlar bilan rivojlanayotgan davlatlar orasida bugun beshinchi o‘rinni egallagani va so‘nggi o‘n bir yil davomida yalpi ichki mahsulotimizning o‘sish hajmi 8 foizdan yuqori bo‘lib kelayotganining o‘zi barchaning havasi va hayratini uyg‘otishi tabiiydir.

Yurtimizda har yili 600 mingdan ko‘proq zamon talabiga javob beradigan yosh mutaxassislar – kamida ikki-uchta kasb-hunarni, chet tillarni, Internet va axborot texnologiyalarini, zamonaviy bilim cho‘qqilarini egallagan, rivojlangan davlatlardagi tengdoshlari bilan bellashuvga tayyor bo‘lgan, ko‘zi yonib turgan yigit-qizlarimiz bugun jamiyatimizning haqiqatan ham hal qiluvchi kuchiga aylanib, hayotga kirmoqda. Bizning eng katta suyanchimiz va tayanchimiz bo‘lmish ana shunday yoshlarga, ana shunday beqiyos salohiyatga ega bo‘lgan xalqni hech qachon o‘z yo‘lidan qaytarib, yengib bo‘lmaydi. Bunga barchamizning ishonchimiz komil.

Yana va yana bir bor aytib o‘tishni zarur deb bilaman: O‘zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy blokka qo‘shilmaydi, o‘z hududida chet el harbiy bazalarining joylashtirilishiga, harbiy xizmatchilarimizning mamlakatimiz tashqarisida bo‘lishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaydi.O‘zbekiston davlatining qonuni darajasiga ko‘tarilgan bu tamoyillarni, ayni shunday chuqur o‘ylangan yo‘lni, shunday siyosatni biz uchun eng to‘g‘ri, eng ma'qul deb bilamiz va bu yo‘ldan hech qachon qaytmaymiz.

Ilgari ham aytganman – bizga, xalqimizga tinchlik va omonlik kerak. Bu – o‘zbek xalqining istagi, bu – o‘zbek xalqining maqsadi, bu – o‘zbek xalqining qaroridir.

Biz boshimizdan kechirayotgan zamon barchamizdan avvalo ogoh va sezgir bo‘lib yashashimizni, tinch va osuda hayotimiz uchun, musaffo osmonimizni himoyalash uchun kurashishimizni talab qiladi.

Shu maqsadda biz yaqin va uzoq qo‘shnilarimiz bilan til topishib, o‘zaro do‘stona munosabatlarni, mintaqamizda hamkorlik va hamjihatlikni yanada kuchaytirishni o‘zimizning birinchi darajali vazifamiz deb bilamiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan, bizga yaqindan yordam va ko‘mak berib, hamkorlik qo‘lini uzatib, doimo xayrixoh bo‘lib kelayotgan xorijiy mamlakatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlarning vakillarini, barcha chet ellik mehmonlarimizni samimiy qutlashga ijozat bergaysiz.

Oilalarimizni, hayotimizni ezgulik va mehr nuri bilan charog‘on etib kelayotgan, dunyodagi eng go‘zal, munis ayollarimiz, opa-singillarimizga baxtu saodat, xonadonlariga fayzu baraka tilayman.

Mana shu muazzam maydonda jam bo‘lgan siz yoshlarga, sizlar orqali yurtimizning barcha o‘g‘il-qizlariga, mening aziz farzandlarimga o‘zimning samimiy mehrim va chuqur ishonchimni yana bir bor bildirmoqchiman.

Ishonaman, barcha-barchangiz sizga mansub bo‘lgan kuch-g‘ayrat va qat'iyat, izlanish va yana bir bor izlanish, zamonaviy bilim va tajribalarni o‘zlashtirish bilan o‘z oldingizga qo‘ygan ezgu maqsadlarga albatta erishasiz, jamiyatimizda munosib va mustahkam o‘rin egallaysiz.

Hech qachon bo‘sh kelmang, aziz bolalarim, ertangi kun – kelajak sizniki!


Mana shu hayajonli, unutilmas damlarda sizlarni Vatanimiz mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayrami bilan yana bir bor tabriklab, qalbimda, yuragimda bo‘lgan eng go‘zal, samimiy tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman.

Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi qo‘llasin, o‘zi madadkor bo‘lsin!

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo‘lsin!

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!