Sport | 11:54 / 01.09.2015
2248
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston olimpiyachilari Slovakiyadagi turnirni g‘alaba bilan boshlashdi

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Slovakiyadagi xalqaro turnirdagi ilk uchrashuvida BAA olimpiya terma jamosini 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasining rasmiy sayti xabar tarqatgan.

Slovakiyadagi turnirdagi ilk raqib BAA olimpiya terma jamoasi bo‘ldi. Uchrashuvning ikkinchi bo‘limida Bobur Yo‘ldoshev jarimadan oshirib berilgan to‘pni boshi bilan raqib darvozasiga kiritdi va ushbu gol o‘yindagi yagona gol bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur turnirda O‘zbekiston hamda BAA olimpiya terma jamoalaridan tashqari Saudiya Arabistoni, Iordaniya hamda mezbon Slovakiya olimpiya terma jamoalari ishtirok etishadi.

Ma'lumot o‘rnida, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan Toshkentdagi yig‘inda ishtirok etgan “Nasaf” yarim himoyachisi Odil Hamrobekov olimpiya terma jamoasi safida Slovakiyaga jo‘nab ketgan. Slovakiyadagi Dilshod Nuraliyev olimpiya terma jamoasiga murabbiylik qilmoqda.

Avvalroq, Slovakiyadagi xalqaro turnir O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi uchun yanvar oyida Qatarda bo‘lib o‘tadigan U-23 yoshlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionati bahslariga tayyorgarlik vazifasini o‘tashi haqida xabar berilgandi.

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining turnirdagi navbatdagi uchrashuvi 1 sentabr kuni Saudiya Arabistoniga qarshi bo‘lib o‘tadi.

U-23 yoshlar o‘rtasida Xalqaro turnir. Trnava, Slovakiya.

30 avgust.

O‘zbekiston U-23 – BAA U-23 – 1:0

Gol: Bobur Yo‘ldoshev (82).

O‘zbekiston U-23: Abdumavlon Abdujalilov, Maksimilian Fomin, Sardor Rahmonov, Bobur Yo‘ldoshev, Javlon Mirabdullayev, Otabek Shukurov, Odil Hamrobekov, Ikrom Aliboyev, Doston Hamdamov, Jaloliddin Masharipov, Zabihillo O‘rinboyev.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish