Qozog‘iston va Xitoy 23 mlrd dollarlik qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuvga erishdi
Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning XXR raisi Si Tszinpin bilan uchrashuvi chog‘ida 45ta qo‘shma loyiha imzolandi. Bu haqda Oq O‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarnomada aytilishicha, loyihalarning umumiy qiymati 23 mlrd dollarni tashkil qilgan.
Ilgariroq xabar qilinganidek, uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama savdo va iqtisodiy aloqalarning keyingi istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, investitsiyalarni kengaytirish, madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarni rivojlantirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Nazarboyev Xitoy xalqini Yaponiya militarizmi ustidan qozonilgan g‘alabaning 70 yilligi munosabati bilan, shuningdek, 2022 yilgi qishki Olimpiadaning Pekinda o‘tilishiga erishilgani bilan tabrikladi.
“Pekin ham kishki, ham yozgi Olimpiadani qabul qilgan yagona shaharga aylanadi”, - ta'kidladi Qozog‘iston yetakchisi.
Si Tszinpin, o‘z navbatida, ko‘p tomonlama strategik munosabatlarning yangi bosqichini ochib beruvchi qo‘shma deklaratsiya imzolanishini ma'lum qildi. “Bu hujjat ko‘p yillik samarador hamkorligimizning natijalarini ko‘rsatib berish bilan birga, kelajakdagi hamkorlik dasturiga ham aylanadi”, - ta'kidladi u.
Bundan tashqari, Qozog‘iston hududida kam boyitilgan uran bankining tashkil etilishi bilan ikki davlat o‘rtasida atom energetikasi bo‘yicha ham hamkorlik jonlanishi aytib o‘tildi.