Sport | 21:17 / 01.09.2015
4644
3 daqiqa o‘qiladi

"Real" De Xeaning transferiga xalal bergan sabablarni sanadi

"Real" jamoasining matbuot xizmati "MYu"dan darvozabon David De Xeaning transfer qilinishi bo‘yicha muvaffaqiyatsizlikka uchralganiga izoh sifatida bayonot bilan chiqdi.

10ta banddan iborat bu bayonotda transfer jarayoni bayon etilgan va transferning amalga oshmay qolganida madridliklarning aybi yo‘qligi keltirib o‘tilgan. Quyida ushbu bayonotning sabablar yozilgan asosiy 8ta bandi bilan tanishish mumkin.

1. "Manchester Yunayted" 31 avgust kunigacha muzokaralarni boshlamagan.
2. De Xeani Navas bilan almashtirish bo‘yicha kelishuvga tez vaqt ichida kelingan, 31 avgust kuni soat 13:39da (Madrid vaqti) "Real" "MYu"ga birinchi shartnoma matnini yuborgan.
3. "MYu" bunga javobini 8 soat o‘tganidan so‘ng qaytargan, kechki soat 21:43da (Madrid vaqti) qaytarilgan javobda inglizlar shartnomada bir necha o‘zgartirishlarni kiritishgan, ispanlar bu o‘zgartirishlarni qabul qilgan.
4. Bu hujjat De Xea va Keylor Navas tomonidan imzolangan. Shundan so‘ng shartnoma Madrid vaqti bilan soat 23:32da "MYu" ofisiga jo‘natilgan. Endi "MYu" rahbariyatining imzosi qo‘yilishi qolgandi.
5. "MYu" Navasning agenti bilan soat 23:53da shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishadi.
6. "MYu" Madrid vaqti bilan soat 00:00da De Xea haqidagi ma'lumotlarni FIFA TMS tizimiga kiritadi va hujjatni "Real" ofisiga jo‘natadi. "Real" bu hujjatni soat 00:02da qabul qilib oladi va FIFA TMS tizimiga ulanishga harakat qiladi, lekin tizim o‘chirib bo‘lingandi.
7. Soat 00:26da "Real" tizimga ulanishga muvaffaq bo‘ladi va shartnoma hujjatlarini La Ligaga jo‘natadi, lekin La Liga vaqt tugaganini ma'lum qiladi.
8. "Real" bu transfer bo‘yicha barcha ishlarni o‘z vaqtida bajargan.

Eslatib o‘tamiz, David De Xeaning transferi bo‘yicha bir necha oylardan beri muhokama va muzokaralar o‘tkazildi va yakunda muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Avvaliga "MYu" darvozabonni 25 mln yevro evaziga sotgani haqida xabar qilingandi.

Ammo Ispaniyada yozgi transferlar darichasi yopilib qoldi va "Real" De Xeani La Liga uchun qaydnomadan o‘tkazishga ulgurmadi.

"MYu" bosh murabbiyi Lui van Gaal esa uni yangi mavsum uchun asosiy darvozabon sifatida ko‘rmayapti va Romeroni asosiy tarkibda tushirmoqda.

As nashrida yozilishicha, «Real» bu transfer amalga oshmay qolgani uchun De Xeaga 10 million yevro miqdoridagi tovon puli to‘lashni va'da qilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish