Ukrainaning yangi harbiy doktrinasi loyihasida Rossiya asosiy dushman sifatida ko‘rsatildi
Ukraina vazirlar mahkamasi ishlab chiqilgan yangi harbiy doktrina loyihasida Rossiyani asosiy potensial dushman sifatida ko‘rsatdi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk bayonot berdi.
“Ukraina mustaqiligining tarixida birinchi marta harbiy doktrinada dushmanlar va agressorlar ko‘rsatildi. Bu Rossiyadir”, - dedi u Odessada bo‘lib o‘tgan brifingdagi chiqishi chog‘ida.
Uning ta'kidlashicha, doktrina loyihasi mudofaa va milliy xavfsizlik kengashiga yuborildi, endilikda uni Ukraina prezidenti o‘z farmoni bilan tasdiqlashi kutilmoqda.
Ilgariroq Ukraina Oliy Radasi Rossiyani agressor mamlakat deb tan olish haqidagi bayonotni ma'qullagani xabar qilingan edi.
Rada boshqa davlatlar parlamentlarini va xalqaro tashkilotlarni Rossiyaga bo‘lgan bosimni kuchaytirishga chaqirdi. Shuningdek, parlament tan olinmagan Lugansk va Donetsk “respublika”larini terrorchi tashkilotlar deb tan olish joizligini e'tirof etdi.