Jahon | 09:02 / 01.09.2015
4160
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda maymunlar otryadi parad arafasida Pekinni qushlardan tozalaydi

Xitoy 3 sentabr kuni Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 70 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan parad arafasida Pekin shahri ko‘chalarini qushlardan tozalash uchun maymunlardan foydalanadi. Bu haqda The Independent xabar bergan.

Ayni vaqtda Xitoy Qurolli kuchlari shu maqsadda maymunlar otryadini tayyorlamoqda.

Tashkilotchilar bu orqali parad vaqtida qushlarning samolyotlarga urilishi ehtimolining oldini olishga umid qilishmoqda.

Pekin shahri hukumati aholiga shu kunlarida o‘z kaputarlarini osmonga uchirishni taqiqlab qo‘ygan.

Eslatib o‘tamiz, harbiy parad va marosimlar 3 sentabr kuni o‘tkaziladi. Unda dunyoning 30ga yaqin davlati rahbarlari ishtirok etishadi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov bu paradda qatnashish uchun 2 sentabr kuni Xitoyga jo‘nab ketishi ma'lum qilingandi.

Shu kuni Tyananmen maydonidan 12 ming askar va zobit parad bilan o‘tadi. Paradga, shuningdek, 200 donadan yer usti texnikasi va samolyot jalb qilinadi.

Paradni tayyorlashga rahbarlik qilayotgan general-mayor Tsyuy Juyning ma'lum qilishicha, paradda ishtirok etadigan texnikaning 84 foizi birinchi marta namoyish etiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish