O‘zbekiston | 11:39 / 02.09.2015
3431
2 daqiqa o‘qiladi

2018 yilda Angrenda avtomobil shinalari zavodi ishga tushiriladi

Xitoyning «Poly Group» korporatsiyasi hamda “O‘zkimyosanoat” AJ, “O‘zavtosanoat” AK Toshkent viloyatida avtomobil shinalari ishlab chiqarishga kelishib oldi.

28 avgust kuni "Angren" EIZ hududida konveyer lentalari, qishloq xo‘jaligi texnikasi va avtomobil shinalari ishlab chiqarishni tashkil etish"loyihasi bo‘yicha qurilish ishlarining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Loyihaning yillik quvvati – 3 mln dona avtomobil, 200 ming dona qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun shinalar va 100 ming pogon metr konveyer lentalari ishlab chiqarishdan iborat. Ushbu loyihani amalga oshirish maqsadida 2014 yilning avgust oyida “Rezinotexnika buyumlari zavodi qurilishi bo‘yicha direksiyasi” MChJ Xitoyning “Poly Technologies Inc.” kompaniyasi bilan “to‘liq foydalanishga topshirish” sharti bilan shartnoma imzolagan edi.

Qurilish muddati 34 oyni tashkil etib, 183,96 mln dollarlik loyiha Xitoy Eksimbanki krediti, “O‘zkimyosanoat” AJ mablag‘lari va O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi kreditlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Ma'lumot o‘rnida, O‘zbekistonda shinalar ishlab chiqarilmaydi va asosan MDH mamlakatlari va Xitoydan to‘liq import qilinadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish