36 dona Rafale qiruvchi samolyoti Hindistonga 9 mlrd dollarga tushishi mumkin: muzokaralar davom etmoqda
Hindiston Mudofaa xaridlari kengashi (DAC, Defence Acquisition Council) fransuz tomoni bilan mamlakat harbiy havo kuchlari uchun zarur bo‘lgan 36 dona Rafale qiruvchisini yekazib berish borasida muzokaralar davom ettirilayotganini tasdiqladi. Bu haqda jurnalistlarga Hindiston mudofaa vazirligi vakili xabar qildi.
"Hindiston mudofaa vaziri Manoxar Parrikar raisligida bo‘lib o‘tgan DAC yig‘ilishida hind ekspertlar jamoasiga 36 dona Rafale qiruvchisini yetkazib berish borasida muzokaralarni davom ettirish vazifasi topshirildi”, – dedi vazirlik vakili. U jamoa berk ko‘chaga kirib qolgan jarayonni muvaffaqiyatli yakunlab, shartnoma imzolanishiga erishishiga umid bildirdi.
NDTV telekanalining qayd etishicha, shartnoma tuzish haqidagi qarorning qabul qilinmay qolayotganiga harbiy amaldorlarning fransuz qiruvchilarini yetkazib berish bahosi Hindistonga Qatar bilan tuzilgan shartnomadagidan qimmatroqqa tushishi mumkinligi borasidagi xavotirlar sabab bo‘lmoqda. Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 36 dona Rafale Dehliga 8-9 mlrd dollarga tushishi mumkin.