Jahon | 15:34 / 02.09.2015
3137
2 daqiqa o‘qiladi

FT: AQSh Xitoyning G‘alaba paradida “aviatashuvchilar qotili”ni ko‘rsatishini kutmoqda

The Financial Times nashrining Xitoy harbiy ekspertlariga tayanib yozishicha, Pekinda bo‘lib o‘tadigan harbiy parad chog‘ida XXR bir necha yil yashirib kelgan qurol ko‘rsatiladi.

Parad davomida “aviatashuvchilar qotili” nomi bilan mashhur Dunfen-21D (DF-21D, "Sharq shamoli") kemalarga qarshi ballistik raketasi Pekin markazidan olib o‘tilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, G‘alabaning 70 yilligi tantanalariga mo‘ljallangan paradda 12 ming harbiy xizmatchi va 500 harbiy texnika birligi ishtirok etadi.
Ekspertlarning fikricha, raketa mintaqadagi kuch muvozanatini o‘zgartirib yuborishga qodir. Ammo XXR mudofaa vazirligi DF-21D haqida ko‘p ma'lumot taqdim etishdan tiyilib, aksariyat yangiliklarni sir saqlashni ma'qul ko‘radi. Faqatgina 2011 yilda u qurol ishlab chiqarish bosqichida ekanligini aytgan edi.

G‘arblik harbiy ekspertlarning baholashlaricha, raketaning uchish uzoqligi 900-1 500 km ni tashkil qiladi. Bunda u ovoz tezligidan 10 barobar tezroq uchishi natijasida raketani to‘xtatib qolishning imkoni deyarli bo‘lmaydi.
Mutaxassislardan birining yozishicha, raketa AQShning aviatashuvchilarini “chiqindi qutilari”ga aylantirib yuborishi mumkin.
“Xitoy yetakchisi Si Tszinpinning Vashingtonga safari arafasida bu AQShning ilgari shak-shubhasiz sanalgan dengizdagi qudrati endilikda shubha ostidaligi haqida eslatma bo‘ladi”, - xulosa qiladi gazeta.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish