Moskva mehmonlarni xushlamaydigan shaharlar orasida yetakchilik qilmoqda
Rossiya poytaxti Moskva shahri Amerikaning Travel+Leisure jurnali tomonidan dunyoning eng xush ko‘rmas shahri deb topildi. Ushbu ro‘yxatning uchinchi pog‘onasida yana bir rus shahri — Sankt-Peterburg o‘rin egalladi.
Reyting nashrning 200 ming nafardan ziyod o‘quvchilari tomonidan dunyoning 266 shahri to‘g‘risidagi turli yo‘nalishlarda bildirilgan fikr-mulohazalari asosida tuzib chiqildi.
Jurnal tahririyatining qayd etishicha, Moskva diqqatga sazovor maskanlar va o‘ziga xos madaniy an'analarga ega. Biroq moskvaliklar juda ham loqayd va beparvo bo‘lib, xorijliklarga ko‘mak berishga shoshilishmaydi. Rossiya poytaxtining boshqa kamchiliklari sifatida ko‘chalarning juda tirband ekani hamda oshxonalarining yomonligi qayd etilgan.
Sankt-Peterburg ham o‘z fuqarolarining odam xushlamasligi bilan ro‘yxatning uchinchi pog‘onasidan o‘rin egalladi. Ular bilan suhbatlashgan sayyohlar hayratda qolganini ta'kidlagan.
Shuningdek, AQShning Atlantik-Siti shahri aholisi ham sayyohlar bilan qo‘pol muomalada bo‘lishi aytilgan. Nyu-York, Los-Anjyeles, Vashington, Las-Vegas, Boston, Frankfurt-Mayn, Nitstsa, Kann, Monte-Karlo, Lion, Marsel va Milan shaharlari ham mazkur reytingdan joy olgan.
Do‘stona shaharlar reytingini esa Irlandiyadagi Goluey shahri boshlab bergan bo‘lsa, Amerikaning Charlston va Irlandiyaning Dublin shaharlari keyingi o‘rinlarda qayd etilgan.
Amerikaning Travel+Leisure jurnali sayyohlar o‘rtasidagi eng ommaviy nashrlardan bo‘lib, 5 milliondan ziyod nusxada chop etiladi. Jurnalga 1937 yilda asos solingan.