Myunxenliklardan muhojirlarga kamroq g‘amxo‘rlik qilishni so‘rashdi
Myunxen hokimiyati markaziy vokzalda to‘planib qolgan qochqinlarga yordam tariqasida aholi tomonidan olib kelinayotgan kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqa mollarni tarqatishga ulgurmayapti. Huquq-tartibot organlari xodimlari shaharliklardan yordam hajmini biroz qisqartirishni so‘rashdi. Bu haqda Myunxen politsiyasi Twitter’dagi sahifasi orqali xabar qildi.
Xabar qilinishicha, 1 sentabr kuni ertalab vokzalda 590 muhojir borligi haqida e'lon osib qo‘yilib, aholidan moddiy yordam ko‘rsatish so‘ralgan. Politsiyaning ta'kidlashicha, uch soat ichida aholi keragidan ortiq moddiy yordam ko‘rsatgan.
Peshinga kelib esa politsiyachilar yordam bergan shaharliklarga minnatdorchilik bildirib, yordamni to‘xtatib turishni so‘rashga majbur bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli Yevropaga minglab qochqinlar oqib kelmoqda.