Jahon | 09:09 / 02.09.2015
9108
2 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev: Mening avlodim o‘z tarixini bilmay o‘sdi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Qozoq xonligining 550 yilligini nishonlashga ko‘rilayotgan tayyorgarliklarga o‘z munosabitini bildirib o‘tdi.

“Qozoq xalqi, xususan, mening avlodim, o‘z tariximizni bilmay o‘sdik.

Qozog‘iston tarixi Rossiya tarixidan yoki Oktyabr inqilobidan boshlanardi. Maktablarda qozoqlarning tarixi o‘rgatilmas edi. Ammo biz osmondan tushganimiz yo‘q, ajdodlarimiz bor, ular qon va ter to‘kib bu davlatni yaratgan... Menimcha, biz yosh avlodga Qozog‘iston tarixining teran ildizlarini ko‘rsatib bera olishimiz lozim”, - dedi u Xitoydagi Dyaoyuytay davlat qarorgohida o‘tkazilgan matbuot anjumani chog‘ida.
Shuningdek, Nazarboyev Qozog‘iston tarixida xunnlar, saklar, usunlar davlatlari, Turk xoqonligi, Chingizxon imperiyasi va Oltin O‘rda bo‘lganligini eslatib o‘tdi.

“Yoshlar buni bilishi va qanday paydo bo‘lganimiz haqidagi savollarga javob bera olishi muhimdir. Agar ular buni bilsa, vatanparvarlik tuyg‘usi ham kuchayadi. Shu bois Qozoq xonligining 550 yilligini nishonlashni to‘g‘ri qaror deb hisoblayman”, - qo‘shimcha qildi u.
Ma'lumot uchun, 1465 yilda Oltin O‘rda hududida tashkil topgan O‘zbek xonligi hukmdori Abulxayrxon siyosatidan norozi bo‘lgan shahzodalar Kereyxon va Jonibek Sultonlar o‘z qavmlari bilan birga Mo‘g‘uliston hududiga ko‘chib ketishadi. Ularni muarrixlar “qozoqlar” yoki “o‘zbek-qozoqlar” deb atay boshlaydi.

Keyinchalik bu ikki shahzodaning avlodlari hududlarni kengaytirib, mustaqil davlatga asos soladi. Bu davlat zamonaviy tarixchilikda Qozoq xonligi nomi bilan ma'lum. Joriy yilda Qozog‘istonda ushbu davlatning 550 yillik yubileyi nishonlanadi.