Turkiya qurilish kompaniyasining 18 nafar xodimi Bag‘dod shahrida izsiz g‘oyib bo‘ldi
Turkiyaliklarga tegishli Nurol qurilish kompaniyasi Iroqda o‘zining 18 nafar xodimi yo‘qolib qolgani haqidagi ma'lumotni tasdiqladi. Bu haqda NTV telekanali xabar bergan.
Xabarda aytilishicha, Iroq poytaxti Bag‘dod shahrida sport majmuasi qurilishi bo‘yicha ishlayotgan kompaniyaning yo‘qolib qolgan xodimlarining barchasi Turkiya fuqarolari hisoblanadi.
Bundan oldinroq, Reyter agentligi Iroq IIVga asoslangan holda kamida 16 nafar turkiyalik quruvchi qidirilayotgani haqida xabar bergandi. Ma'lum qilinishicha, niqob taqqan va harbiy kiyim kiygan noma'lum shaxslar ularni o‘g‘irlab ketgan.
Assosheyted Press nashrining xabariga ko‘ra bu ishchilar Bag‘dodning shialar istiqomat qiladigan Sadr tumanida ishlayotgan edi.
Turkiya TIV bu fuqarolarining taqdiri bo‘yicha Iroq bilan doimiy aloqada bo‘lib turgani aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2014 yilning iyunida ham "IShID" jangarilari Iroq shimolidagi Mosul shahrida Turkiya vakolatxonasining 49 xodimini o‘g‘irlab ketgandi. Xodimlar 2014 yilning sentabrida ozod qilingandi.