Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoy Pekindagi harbiy paradda o‘ta maxfiy raketani namoyish qilishi aytilmoqda
Pekinda 3 sentabrda bo‘lib o‘tadigan harbiy paradda qolgan qurol-aslahalar qatorida “avianosetslar qotili” deb nom berilgan “Dunfen-21D” raketasi namoyish qilinadi. Bu haqda xitoylik mutaxassislarning fikriga iqtibos keltirgan holda Financial Times nashri xabar bermoqda.
Raketa tovush tezligidan 10 marta tezroq uchishi mumkin va uni tutib qolishning iloji yo‘q.
Avvalroq xitoylik harbiylarning ma'lumotlariga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi yakunlanganining 70 yilligiga bag‘ishlangan ushbu paradda namoyish qilinadigan qurol-aslahaning 84 foizi birinchi marta namoyish qilinadi. Bu mutlaq yangi qurol yoki avval sir tutilgan qurol-aslaha bo‘ladi.
Ikkinchi artilleriya qo‘mondonligi kolleji polkovnigi Shao Yunlin “Xuantsyu Shibao” gazetasiga bergan intervyusida paradning repetitsiyasida birinchi marta “Dunfen-21D” raketasi namoyish qilinganini aytdi.
FT ma'lumotlariga ko‘ra, paradda shuningdek tovushdan tezroq harakatlanuvchi kemalarga qarshi, ta'sir doirasi 250 kmni tashkil etuvchi YJ-12 qanotli raketasi ham namoyish qilinadi. Bu raketa sobiq ittifoqning Tu-16 samolyoti negizida qurilgan H-6K strategik bombardimonchi samolyotidan uchiriladi.
Xitoy hukumati paradda aynan qanday qurol-aslahalar namoyish qilinishini rasman tasdiqlamadi. Xitoy Mudofaa vazirligi FT’ning “Dunfen-21D” raketasining namoyish qilinishi ehtimoliga izoh berish haqidagi yozma murojaatiga javob berishdan bosh tortdi.
”Dunfen-21D” raketasi haqidagi yagona rasmiy xabar Xitoy Mudofaa vazirligining 2011 yilda bu raketa ishlab chiqish bosqichida ekanligi haqidagi xabari bo‘lgan. Xorijiy harbiy ekspertlarning fikricha, raketaning ta'sir qilish doirasi 900-1500 kmni tashkil qiladi.
“Dunfen-21D” AQShning harbiy-dengiz strategiyasi tayanadigan aviatashuvchi guruhlar tizimidan o‘tib keta oluvchi dunyodagi yagona kemaga qarshi ballistik raketa hisoblanadi. Raketa qit'alararo ballistik raketa kabi, avval orbitada uchiriladi, so‘ngra qayta atmosferaga kiradi. Biroq raketa nishonga yaqinlashganda manyovrlar bajara oladi va bu uning harakatdagi kemani nishonga urish imkonini beradi.
Shunday 1200 ta raketa narxi bitta avianosetsning narxiga teng bo‘lib, AQSh harbiy-dengiz kuchlarining dunyo okeanidagi hukmronligini xavf ostiga qo‘ymoqda.