Jahon | 15:08 / 03.09.2015
2561
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya "Mistral" kemasi uchun Rossiyaga to‘lagan tovon pulining aniq miqdorini ma'lum qildi

Ikki dona "Mistral" vertolyot tashish kemasini yetkazib berish to‘g‘risida imzolangan shartnomani bekor qilgani uchun Fransiya Rossiyaga to‘lashi lozim bo‘lgan tovon pulining aniq miqdori ma'lum qilindi: 949,754 mln yevro.

"Rossiya 24" telekanalining xabar berishicha, mazkur raqamlar Frantsuz milliy yig‘iniga taqdim etilgan Parij-Moskva o‘rtasida tuzilgan shartnomani buzish to‘g‘risidagi bitim matnida keltirib o‘tilgan.

"Frantsuz tomoni Rossiya Federatsiyasiga desant kemalarini qurish to‘g‘risida 2011 yil 25 yanvarda imzolangan shartnomadagi vazifalar bajarilmagani uchun tovon sifatida to‘lanadigan mablag‘ 949 754 859 yevroni tashkil etadi", – deyiladi Frantsuz mudofaa va milliy xavfsizlik kengashi bosh kotibi Lui Gote hamda Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Dmitriy Rozogin tomonidan imzolangan shartnoma matnida.

Shartnomani bekor qilish to‘g‘risidagi bitim 2015 yil 5 avgustda imzolangan bo‘lib, unda Fransiya kemalarni boshqa xaridorlarga sotish huquqiga Rossiya tomoniga tovon puli va Moskva buyurtmasi asosida avvalroq “Mistral”larga o‘rnatilgan Rossiya qurilmalari to‘liq qaytarilgunga qadar ega bo‘lmasligi belgilab qo‘yilgan edi.