Jamiyat | 18:22 / 03.09.2015
3215
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida «Ehtirom» nishoni bilan taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi

Iqtisodyotning turli tarmoqlarida samarali mehnat qilib, O‘zbekiston mustaqilligini mustahkamlash, turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni hayotga tatbiq etish, xalq ma'naviyati va madaniyatini yuksaltirish, shuningdek, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash borasidagi ishlarga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan faollarni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining «Ehtirom» nishoni bilan taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati xabar bergan.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad turli sohalarda namunali faoliyat ko‘rsatib kelayotgan, fidokorona mehnatlari bilan yurt ravnaqiga hissa qo‘shayotgan, bu yo‘lda izlanish va tashabbus ko‘rsatishdan to‘xtamayotgan, ijtimoiy sheriklik asosida xalqimizning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat huquqlarini ta'minlash borasida yuqori natijalarga erishayotgan turli soha vakillarini rag‘batlantirish hisoblanadi.

Bugungi kunda davr talabidan kelib chiqqan holda kasaba uyushmalari faoliyati ko‘lami kengayib, ijtimoiy sheriklik asosida aholi, ayniqsa yoshlar bandligini ta'minlash, jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali xodimlar daromadlarini yanada oshirish, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari va bitiruvchilarini moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash, oilalar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, mehnat jamoalarida ko‘tarinki va shukronalik kayfiyati barqarorligini ta'minlash masalalari ustuvor vazifalar qatoridan o‘rin oldi. “Ehtirom” nishoni bilan taqdirlash jarayonida ham bu boradagi ishlar, erishilayotgan yutuqlar salmog‘iga alohida e'tibor qaratildi.

Joriy yilda “Ehtirom” nishoni bilan taqdirlash uchun tavsiya etilgan nomzodlar soni 62 nafarni tashkil etdi. Ular maxsus komissiya tomonidan har tomonlama va chuqur o‘rganilib, bu jarayonda asosiy e'tibor taqdirlashga tavsiya etilgan nomzodning ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari himoyasi, ularga Mustaqillik yillarida yurtimizda erishilayotgan yutuqlar, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazish, mehnat jamoasini o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni samarali amalga oshirishga safarbar etish yo‘nalishlarida olib borilayotgan amaliy ishlari samarasiga qaratildi.

O‘zbekiston Mustaqilligining 24 yilligiga bag‘ishlangan mazkur tadbirda eng faol va tashabbuskor 22 nafar turli soha xodimlari – ijtimoiy hamkorlar, ish beruvchilar va faollar Kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Ehtirom” nishoni bilan taqdirlandi.

Ta'kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash, bu orqali ijtimoiy masalalarni hal etishda ijobiy natijalarga erishish, boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarining faoliyatini takomillashtirish, ularning korxona va tashkilotlarning ijtimoiy-iqtisodiy xayotida tutgan o‘rnini kuchaytirishga qaratilayotgan alohida e'tibor natijasida mazkur nishonga sazovor bo‘layotganlar orasida ish beruvchilar, ijtimoiy sheriklar, mahalliy hokimliklar, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari vakillarining salmog‘i ortib bormoqda. Xususan, tantanali tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Xojamurat Kaipnazarov, “Ammofos-Maksam” AJ Boshqaruvi raisi Bahodir Sodiqov, “Ishonch” va Ishonch-Doveriye” gazetalari bosh muharriri o‘rinbosari Muhammadzayniddin Rixsiyev mazkur nishon bilan taqdirlanishdi.