Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Pekindagi harbiy paradda ishtirok etdi
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2 sentabr kuni Ikkinchi jahon urushi tugallangani hamda xitoy xalqining yapon imperializmi zulmidan xalos bo‘lganining 70 yilligiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etish uchun Xitoy poytaxti Pekin shahriga jo‘nab ketgan edi.
Prezident Islom Karimov bugun, 3 sentabr kuni Xitoy poytaxtidagi Tyananmen maydonida boshlangan marosimda faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi.
Pekindagi g‘alaba paradida dunyoning 49 mamlakati rasmiy vakillari ishtirok etayotgan bo‘lsa, ularning 30 nafari davlat prezidentlari va hukumat vakillaridir. XXR raisi Si Tszinpin bilan bir qatorda BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Koreya Respublikasi prezidenti Pak Kin Xe xonim va boshqa mamlakatlar yetakchilari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ham faxriy mehmonlar tribunasidan o‘rin egallagan.
Toshkent vaqti bilan 09:00da boshlandi. Xitoy tarixidagi eng yirik paradda ishtirok etish uchun Tyananmen maydoniga Xitoy harbiy kuchlarining 50 esheloni: 12 ming nafar atrofida askar va ofitserlar, 40 turdagi 500 dona harbiy texnika ishtirok etayotgan bo‘lsa, osmonda 20 turdagi 200 dona samolyot va vertolyotlar parvozi namoyish etildi.
Harbiy paradda ishtirok etayotgan texnikalarning 84 foizi ilk bor namoyish etilmoqda. Marosimda 15ta Xitoy va 17ta xorijiy — Rossiya, Belarus, Misr, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Kuba, Mo‘g‘iliston, Pokiston, Serbiya, Tojikiston Afg‘oniston, Vanuatu, Venesuela, Kamboja, Laos va Fiji piyoda qismlari ham ishtirok etmoqda.