10:53 / 03.09.2015
5930

O‘zbekistonda elektron savdo qoidalari to‘g‘risidagi qaror loyihasi ishlab chiqildi

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi rasmiy saytida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida elektron savdo qoidalari to‘g‘risida”gi qarori loyihasini e'lon qilindi.

Loyihaga binoan, O‘zbekiston Respublikasi hududida yuridik hamda qonunchilik asosida yuridik shaxsni tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan jismoniy shaxslar elektron chakana savdo bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ladi.

Elektron ulgurji savdo bilan esa O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan va ulgurji savdoni amalga oshirishga ruxsat beruvchi zarur hujjatlarga ega bo‘lgan yuridik shaxslar shug‘ullanishi mumkin. Elektron ulgurji savdo faqatgina elektron shaklda shartnoma imzolanib, naqt pulsiz hisob-kitob asosida amalga oshiriladi.

Sayt milliy domenlar tizimida sotuvchining nomi bilan ro‘yxatga olinishi lozim. Xorij domen tizimlarida ro‘yxatdan o‘tgan saytlardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Saytda savdoga qo‘yilgan mahsulotning sifati va boshqa iste'mol xususiyatlariga baho berish imkonini beruvchi haqiqiy surati mavjud bo‘lishi talab etiladi.

Qonun loyihasida elektron savdoni amalga oshirishning boshqa tartib va shartlari ham o‘rin olgan.

Top