Jahon | 05:21 / 03.09.2015
1769
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya banklarida Malayziyadagi tergov tufayli hisob raqamlar muzlatib qo‘yildi

Shveytsariya banklarida Malayziyaning 1MDB investitsion fondiga nisbatan o‘tkazilayotgan tergov bilan bog‘liq holda korrupsiyada gumon qilinayotgan shaxslarning hisob raqamlari muzlatib qo‘yildi. Bu haqda Shveytsariya bosh prokuraturasi matbuot xizmati bergan bayonotda aytilmoqda.

“Shveytsariya bosh prokuraturasi devonxonasi bir necha million dollarlik bank hisob raqamlarini muzlatib qo‘ydi”, deb ta'kidlamoqda matbuot xizmati vakili.

“Tergovning bu erta bosqichida bosh prokuratura dalil va isbotlar yig‘moqda va ularni tahlil qilmoqda. Bosh prokuratura bu borada Malayziya hukumati bilan aloqani qo‘llab-quvvatlamoqda. Xorijiy davlatlar, ayniqsa Malayziya bilan hamkorlik qilish barcha dalillarni o‘rnatish uchun muhimdir”, deb aytmoqda matbuot xizmati vakili.

Iyul boshida AQShning The Wall Street Journal nashrida Malayziya bosh vaziri Najab Razzoq ikki yil davomida 1MDB davlat investitsion fondi bilan bog‘liq kompaniyalardan o‘zining shaxsiy hisob raqamlariga 700 mln dollar pul olgani ta'kidlangan maqola chop etilgan edi. Ushbu holat yuzasidan Antikorruptsion boshqarma, Markaziy bank va politsiya vakillaridan iborat maxsus komissiya tuzilgan va tekshiruvlar natijasida haqiqatan ham Razzoq hisob raqamlarida bir necha yuz millionlab pullar borligini aniqlangan. Biroq bosh vazir bu mablag‘lar unga siyosiy maqsadlar uchun xayriya qilingani va u bu pullardan shaxsiy ehtiyojlari uchun foydalanmaganini ta'kidlagan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish