Denis Cherishev Rossiya chempionatida to‘p surishni istamasligini ma'lum qildi
Madridning «Real» va Rossiya terma jamoasi yarimhimoyachisi Denis Cherishev Rossiya chempionatida to‘p surishni istamasligini ma'lum qildi. Bu haqda «Sport-Ekspress» nashri xabar tarqatdi.
«Rossiyadan bo‘layotgan qiziqish? Ha, doim klublar menga qiziqish bildirishadi. Ammo bu yil yozda deyarli hech qanday taklif bo‘lmadi. Meni o‘zim ham Rossiya jamoalariga o‘tishni istamayman. Yevropada to‘p surishni xohlayman», — deya gapirib o‘tdi Cherishev.
Cherishev «Real»ning Ispaniya chempionati doirasidagi so‘nggi ikki uchrashuvi qaydnomasiga kiritilmadi. Biroq klubning Yevropa chempionlar ligasi uchun bergan zayavkasidan rossiyalik futbolchi o‘rin olgan.
Mavsumlar oralig‘ida Cherishev «Real»ni tark etishi mumkin edi, biroq jamoa bosh murabbiyi Rafael Benites uning sotib yuborilishiga qarshilik ko‘rsatdi. Futbolchiga Ispaniyaning «Valensiya», shuningdek Angliyaning «Arsenal» va «Liverpul» jamoalari qiziqish bildirishgandi.
Cherishev «Real» tizimida 12 yildan buyon to‘p surib keladi. Shu davr mobaynida u madridliklar safida faqat bir marta rasmiy uchrashuv – Ispaniya kubogi doirasida maydonga chiqqan. Rossiya terma jamoasi safida 7ta uchrashuv o‘tkazgan.