Jamiyat | 16:03 / 04.09.2015
3150
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya elchixonasi Igor Savitskiyning 100 yilligi bilan qutladi

Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi 2015 yil 4 sentabr — Qoraqalpog‘iston san'at muzeyi asoschisi Igor Savitskiy tavalludining 100 yilligi munosabati bilan uning xotirasiga hurmat izhor qildi.

“Sahrodagi Luvr” nomini olgan Qoraqalpog‘iston san'at muzeyi o‘zining boy kolleksiyasi bilan dunyodagi eng e'tiborli muzeylardan sanaladi.

Fransiyaning Toshkentdagi elchixonasi bunda 31 yil davomida muzey rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatgan Marinika Babanazarovaning mehnatlari beqiyos ekanini qayd etib o‘tdi.

“Muzeyning barcha xodimlari qo‘llab-quvvatlashi bilan uning qiymati saqlanib, Nukus muzeyida asrab-avaylanayotgan bebaho xazina O‘zbekistonga ham, uning tashqarisiga ham tanildi”, – deyiladi elchixona matbuot xizmati xabarida.

Ma'lumot o‘rnida, 1998 yili Fransiyaning Kan (Caen) muzeyida Nukus muzeyi kolleksiyalari namoyishi bo‘lib o‘tgan edi.

Bundan tashqari, Fransiya elchixonasi ko‘magida Marinika Babanazarovaning Igor Savitskiy hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan asari fransuz tilida chop etilgan. Kasbiy mahorati, Fransiya bilan sherikchilik aloqalarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi inobatga olingan holda, 2013 yil iyul oyida Marinika Babanazarova “San'at va madaniyat sohasiga qo‘shgan hissasi uchun” Fransiya Madaniyat vazirligining asosiy mukofoti — Kavaler Ordeni mukofoti bilan taqdirlangan.

Avvalroq, 28 avgust kuni esa O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati muzeydagi umumiy qiymati 581,625 mln so‘mni tashkil etuvchi beshta suratning yo‘qolgani holati bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgani xabar qilingan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish