Fan-texnika | 11:11 / 04.09.2015
3054
2 daqiqa o‘qiladi

IFA 2015: ichida mini-printer o‘rnatilgan Polaroid Snap fotokamerasi

Polaroid kompaniyasi Berlinda o‘tayotgan IFA 2015 ko‘rgazmasida Snap deb nomlangan yangi qurilmasini namoyish qildi.

Snap – bu ixcham fotokamera va kichik o‘lchamdagi printerning gibrididir. Printerda ZINK Zero Ink Printing texnologiyasi qo‘llanilgan. Bu printerda bir necha qatlam maxsus kristallik modda saqlovchi qog‘ozdan foydalaniladi. Bu moddalar qiziganda amorf holatga o‘tadi va qog‘ozda tasvir paydo bo‘ladi.
Qurilma 50 × 75 mm o‘lchamdagi suratlarni olish imkonini beradi. Bitta suratni chop etish uchun taxminan 1 daqiqa vaqt talab qilinadi.

100 ta qog‘ozdan iborat bunday qog‘ozning bir pachkasi 25 dollar turadi.
Fotokamera 10 Mp li sensor va fiksirlangan fokus uzoqligiga ega f/2,8 obektivi bilan jihozlangan. Ichki o‘rnatilgan displeyi yo‘q, biroq korpusning tepa qismida ko‘rinish izlagich ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, qurilmada microSDHC flesh-xotirasi sloti mavjud.

Polaroid Snap bir necha xil rejimda, jumladan oq-qora rejimda ishlaydi. 10 soniyalik taymer avtoportretlar yoki guruh bo‘lib tushadigan suratlarni olishda yordam beradi.
Yangi qurilma 2015 yilning 4-choragida 100 dollardan sotuvga chiqariladi. Qurilmalar oq, qora, qizil va ko‘k rangdagi korpuslar bilan taklif qilinadi.