O‘zbekiston | 12:24 / 04.09.2015
4589
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik dastlabki ziyoratchilar guruhi Hajga jo‘nab ketdi

3 sentabr kuni o‘zbekistonlik ziyoratchilarning 484 nafardan iborat dastlabki guruhi ikkita reysda Toshkent-Madina yo‘nalishi bo‘yicha Saudiya Arabistoni Podshohligiga kuzatildi, deb xabar berdi qadriyat.uz sayti. Ziyoratchilarga safardan oldin Davlat ramzi tushirilgan maxsus kiyim (kamzul) va sumkalar, “Hajnoma” kitobchasi va videotasmalar taqdim etildi.

27 sentabr - 8 oktabr kunlari o‘zbekistonlik hojilarni “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi samolyotlarida Jidda-Toshkent, Jidda-Buxoro, Jidda-Samarqand, Jidda-Termiz Jidda-Farg‘ona, Jidda-Andijon hamda Jidda-Urganch yo‘nalishlari bo‘yicha Vatanimizga olib kelish rejalashtirilgan.

3-14 sentabr kunlari o‘zbekistonlik 5200 nafar ziyoratchini “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Samarqand-Madina, Termiz-Madina, Farg‘ona-Madina, Andijon-Madina hamda Urganch-Madina yo‘nalishlarida haj safariga jo‘natiladi.