Jamiyat | 08:55 / 04.09.2015
3520
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada to‘ylarni nazorat qiluvchi politsiya paydo bo‘ldi

Adigeya respublikasi ichki ishlar vazirligi to‘y kortejlarini nazorat qiluvchi maxsus bo‘linma shakllantirdi. Bu haqda Adigeya IIV boshlig‘i Aleksandr Rechitskiy TASS axborot agentligiga ma'lum qildi. Uning aytishicha, to‘y politsiyasining tashkil etilishi to‘y tadbirida boshqarib bo‘lmaydigan xursandchilik qilayotganlarni tinchlantirishga yordam beradi. 

Tarkibiga 40 nafar politsiyachi, jumladan patrul-post xizmati, GIBDD, mahalliy nozirlar va surishtiruv organlari xodimlari kirgan bo‘linma avvaldan ma'lum qilingan to‘y kortejlarini nazorat qiladi. Politsiya naryadlari kelin-kuyovlar an'anaviy tarzda tashrif buyuradigan maydonlar, bog‘lar va jangovor shon-shuhrat joylarida qo‘yiladi. Bundan tashqari, kelin-kuyovlarning harakatlanishi aerostat yordamida havodan ham kuzatib boriladi. Vazir politsiyachilar o‘zlarini xushmuomala tutib, kortejlarni taqib qilmasliklariga va'da berdi.

Bunday politsiya bo‘linmasini tuzish fikri to‘ydagi mehmonlar tomonidan otishmalar uyushtirilayotgani holatlarining ko‘payib ketgani sababli yuzaga keldi. Joriy yilning boshidan to‘y kortejlari tomonidan otishmalar amalga oshirilgan ikkita holat qayd qilindi. Bunday holatlardan oxirgisi Maykop shahrida avgustda ro‘y berdi. 27 yoshli “mergan” qo‘lga olinib, sud unga 50 ming jarima to‘lash majburiyatini qo‘ydi va qurolini musodara qildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish