Jamiyat | 19:26 / 04.09.2015
4208
4 daqiqa o‘qiladi

Sog‘lomlashtirish dasturi asosida o‘zbekistonlik bolalar Janubiy Koreyada davolanib qaytishadi

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi jismonan baquvvat, ma'nan yetuk, ruhan tetik farzandlarni tarbiyalashda, onalik va bolalikni muhofaza qilish, “Sog‘lom avlod” harakatini rivojlantirish maqsadida bir qator tadbirlarni o‘tkazmoqda.

Fond bir qator xalqaro hamkor tashkilotlar bilan birgalikda O‘zbekiston hukumati qarorlari hamda Davlat dasturlari ijrosini ta'minlash maqsadida bemor va nogiron bolalarni sog‘lomlashtirishda qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Mazkur yo‘nalishda Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti, Koreya Respublikasining Pundan Cha universiteti gospitali, Inha universiteti gospitallarida tug‘ma yurak nuqsoni, terining kuyishdan keyingi asoratlari, tug‘ma qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari va boshqa tashxislar bilan og‘rigan o‘zbekistonlik bemor bolalarni bepul sog‘lomlashtirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 18 fevraldagi PQ-2302-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi ijrosini ta'minlash, bolalarni respublika klinikalarida va tibbiyot markazlarida hamda chet elda sog‘lomlashtirish, shu jumladan: tug‘ma yurak nuqsonlari bilan tug‘ilgan bolalarni sog‘lomlashtirish va tezkor davolash borasidagi ishlarda “Sog‘lom avlod uchun” fondining alohida o‘rni bor.

“Sog‘lom avlod uchun” fondi uzoq yillardan beri Koreya Respublikasining bir qator xalqaro tashkilotlari va Universitetlari bilan hamkorlikda keng ko‘lamda faoliyat olib bormoqda. Shunday ishlaridan biri yurtimizdagi tug‘ma yurak nuqsonlari bilan tug‘ilgan bolalarni sog‘lomlashtirish dasturi hisoblanadi. Bu borada fond 2011 yilda “Save the Children” xalqaro tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishgan holda kelajakdagi hamkorlikni kengaytirish yuzasidan bitim imzolandi. Unga ko‘ra “Save the Children” xalqaro tashkiloti “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondiga hozirgi kunga qadar Toshkent pediatriya tibbiyot instituti kardioxirurgiya klinikasida operatsiya qilinishi uchun jami 200 donaga yaqin oksigenatorlar va butlovchi qismlari topshirildi. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti kardioxirurgiya klinikasida yurak tug‘ma nuqsonli bolalarni Fond va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tuzilgan ro‘yxatga muvofiq, xayriya yo‘li bilan 200 nafarga yaqin bola operatsiya qilindi.

Shuningdek Fond uzoq yillardan beri Koreya Respublikasining bir qancha xalqaro tashkilotlari va universitetlari bilan hamkorlikda ishlarni amalga oshirib keladi. “JCI-Korea” va Cha universiteti qoshidagi Pundan Cha gospitali shular jumlasidan hisoblanadi. Cha universiteti qoshidagi Pundan Cha gospitali shifokorlari 2015 yilning 20 may kuni Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida jami 46 nafar tug‘ma yurak nuqsoni tashxisli bemor bolalarni umumiy chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi.

Ma'lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, 2010-2014 yillarda hamkorlik doirasida “JCI-Korea” xalqaro yoshlar tashkiloti homiyligida 29 nafar bolalar sog‘lomlashtirildi.

Joriy yilgi tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, og‘ir deb topilgan bemor bolalarning 6 nafari 2015 yilning 11 sentabr kuni Toshkent xalqaro aeroportidan Koreya Respublikasining nufuzli klinikalarida sog‘lomlashtirish uchun kuzatuvchilar bilan birgalikda jo‘nab ketadi. Ushbu bolalar 2015 yilning 24 sentabr kuni Toshkent xalqaro aeroporti orqali Koreya Respublikasidan sog‘lomlashtirilib yurtimizga qaytib kelishadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish